15:30 / 18.01.2018
25438

Tojikistonda yirik amaldor 500 ming dollar pora olgani uchun 11 yilga qamaldi

Foto: News.tj

Tojikiston Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi Sarmoyalarni dasturlashtirish hamda mintaqalarni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Asqar Nuralizoda 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U o‘tgan yilning sentabr oyi oxirida mamlakat korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasi xodimlari tomonidan yarim million dollar miqdorida pora olgani uchun ushlangandi. Bu haqda AP xabar bermoqda.

U Tojikiston Respublikasi JKning «yirik miqdorda pora olish» moddasi bilan aybdor deb topildi.

Sudning amaldorga nisbatan hukmi 10 yanvarda chiqarilgan, biroq bu haqda endigina ma'lum bo‘ldi. Qonun normalariga ko‘ra, sudlangan va uning himoyasi sud qaroriga hukm e'lon qilinganidan so‘ng o‘n kun davomida shikoyat arizasini berishi mumkin.

Mamlakat Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, u bu pullarni Jaloliddin Balxiy tumanida yashovchi fuqarodan olgan. Evaziga esa tumanda parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha investitsiyalar davlat dasturiga tegishli band kiritilishi hamda keyinchalik ushbu shaxs bunga 10 mln dollar miqdorida grant olishi kerak bo‘lgan.

Umuman olganda, Asqar Nuralizoda, agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bo‘lajak grantning umumiy hajmidan 10 foiz, ya'ni 1 mln dollar miqdorida pora so‘ragan. Shu tariqa, Nuralizoda poraning birinchi qismini olgan, ikkinchi qism esa grant taqdim etilganidan so‘ng berilishi lozim bo‘lgan.

Top