Jahon | 14:40 / 19.01.2018
22133
2 daqiqa o‘qiladi

Ichimlik suvi sifatini tekshirish uchun oddiy test ishlab chiqildi

Foto: Fotolia

Suv sifatini oddiy, ishonchli, tez va arzon tarzda aniqlash Afrikada minglab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin edi. Britaniyaning Bat Universitetida aynan shunday testni ishlab chiqishdi: qog‘oz bo‘lagi xuddi lakmuslidek tasavvur uyg‘otadi, biroq rangning o‘zgarishi suvdagi kislota darajasini emas, balki zararli birikmalardan darak beradi.

WaterAid xayriya tashkilotiga ko‘ra, sayyoradagi qariyb 850 mln kishi toza suvning yo‘qligidan aziyat chekadi. Bakteriyalar yoki og‘ir metallar tuzlariga ega suvni iste'mol qilishdan esa har ikki daqiqada bir yosh bola hayotdan ko‘z yumadi. Narxi 1,3 dollardan kamroq bo‘lgan bir martalik ekspress-test bu boradagi yuqumli kasalliklar sonini ancha qisqartirishi mumkin.

Britaniyalik olimlarning ishi natijalari haqida Telegraph nashri yozmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqilgan ekspress-test – oddiy qog‘oz bo‘lib, unga grafitli elektrodlar, shuningdek, elektr o‘tkazuvchi bakteriyalar qatlami bilan ishlov berilgan. Chiziq suvdagi zaharli kimyoviy moddalar, gerbitsidlar, og‘ir metallar hamda ko‘zga tashlanmaydigan boshqa zararli narsalarga reaksiya berib, o‘z rangini o‘zgartiradi.

Tadqiqot mualliflaridan biri bo‘lgan professor Mirella Di Lorentso shunday deydi: «Bu ish suvni manbalarning o‘zida tekshirish bo‘yicha inqilob qilishi mumkin – bizning usul nafaqat ekologik toza, tez va tushunarli, balki arzon hamdir. Bunday tadqiqotlar hayotni, ayniqsa, tahlil uchun eng oddiy narsalarni ham topish mushkul bo‘lgan tumanlarda yaxshi tomonga o‘zgartiradi». Testdan so‘ng qog‘ozchani tashlab yuborsa bo‘ladi – u tez chiriydigan materiallardan qilingan va tabiatga zarar yetkazmaydi.

Mavzuga oid