Iqtisodiyot | 15:40 / 19.01.2018
10197
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslar sentabr - dekabr oylarida 2,9 mlrd dollarlik valyutani sotib oldi

Foto: Reuters

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan sentabr - dekabr oylarida chet el valyutasi sotib olish hajmi 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Chet el valyutasiga bo‘lgan talabning tarkibi esa, ishlab chiqarish importi maqsadlari uchun – 2,2 mlrd dollar (76%), xorijiy kreditlarni so‘ndirish uchun – 358 mln dollar (12%), xalq iste'moli mollari va dori-darmonlar importi uchun – 238 mln dollar (8%), chet el investorlari daromadlarini repatriatsiya qilish uchun – 88 mln dollar (3%) sotib olish hisobiga shakllandi.

Shu bilan birga, chet el valyutasini sotib olish operatsiyalarini 1 mln dollargacha summaga amalga oshirgan korxonalarning soni o‘sish sur'atiga ega (sentabrda – 1,5 mingta, oktabrda – 1,9 mingta, noyabrda 2,2 – mingta va dekabrda – 2,5 mingta). Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar sonining ortishi tadbirkorlik sub'yektlarining norasmiy sektordan rasmiy bozorga o‘tishi bilan izohlanadi.

Chet el valyutasini sotish hajmi 2017 yilning sentabr–dekabr oylarida 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ichki valyuta bozorida sotilgan chet el valyutalarining 1,5 mlrd dollarlik qismi bevosita eksporterlar tomonidan, 1,4 mlrd dollarlik qismi esa tijorat banklari jalb etgan, shu jumladan valyuta-ayirboshlash shoxobchalari orqali aholidan sotib olingan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Markaziy bank chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif muvozanatini ta'minlash va valyuta kursining keskin o‘zgarishini oldini olish maqsadida valyuta birjasi savdolarida kunlik valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirdi.

Ichki valyuta bozorida sotilgan chet el valyutasining umumiy hajmi sotib olingan valyuta hajmiga teng bo‘lganligi munosabati bilan Markaziy bank tomonidan valyuta zaxiralaridan xarajatlar amalga oshirilmagan.

Mavzuga oid