O‘zbekiston | 17:50 / 20.01.2018
19046
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev «Amudaryo» bolalar oromgohi va Baxshilar maktabiga bordi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida Termiz shahrida “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini barpo etish loyihasi bilan tanishib, hududda infratuzilma obektlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shunga muvofiq Surxondaryo daryosi bo‘yida 200 o‘rinli dam olish maskani qurilib, o‘tgan yil yoz mavsumida foydalanishga topshirildi. Oromgohda umumta'lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar dam oldirilib, sog‘lomlashtiriladi.

Maskan 6,2 gektar maydonni egallagan. To‘rtta yotoqxona, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, sport maydonlari, boshqa bino va inshootlar bunyod etilib, zarur inventarlar bilan jihozlangan.

Davlat rahbari muassasada bolalarning maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, ovqatlanishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Joriy yil mart oyidan oromgoh yil davomida uzluksiz faoliyat yurita boshlaydi. Unga mamlakatning barcha hududidan fan olimpiadalari, xalqaro tanlov va sport musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan 5-11 sinf o‘quvchilari, yozgi ta'tilda esa viloyatdan ming nafar o‘g‘il-qiz qabul qilinadi.

Bugungi kunda oromgoh O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilib, uni xalqaro yoshlar oromgohiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Oromgoh huzurida umumta'lim maktabi barpo etilgan. Maktab negizida 125 o‘rinli baxshichilik maktabi ham faoliyat yuritadi. O‘quvchilar bu yerda xalq og‘zaki ijodi hamda o‘zbek xalq cholg‘ularidan saboq oladi. Dars mashg‘ulotlarini malakali o‘qituvchilar bilan birga to‘rt nafar O‘zbekiston xalq baxshisi olib boradi.

Prezident maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi, O‘zbekiston xalq baxshilari Shoberdi Boltayev va Abdunazar Poyonov bilan muloqot qildi.

Dostonchilik va baxshichilik - milliy g‘ururimiz. Uning zamiridagi ezgu qadriyatlarni xalqimizga yetkazish lozim. Baxshichilik maktabi xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalarini asrashga, uni rivojlantirishga, baxshilarning obro‘sini ko‘tarishga xizmat qilishi kerak. Joriy yil Navro‘z bayrami arafasida yurtimiz baxshilarining respublika seminarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘ysak, ularni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident “Mustaqillik baxshilari” kitobini chiqarish, viloyatdagi kollejlarda ham ushbu san'atni o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid