O‘zbekistonda qora guruchning yangi navi yaratildi
Toshkentlik tadqiqotchi tadbirkor Ravshan Asamitdinov bir necha yillik izlanishlari samarasida qariyb 0,7 gektarda tibet qora guruchini yetishtirib, O‘zbekiston sharoitida 500 kilogramm hosil oldi. Kombayndan foydalanganda sholining sifatiga salbiy ta'sir bo‘lgani uchun sholini bandidan sifatli ajratadigan qo‘lbola uskuna ham yasaldi, deb yozmoqda O‘zA.
O‘zbekistonda sholining oq, sarg‘ish, qizg‘ish rangda bo‘lishiga ko‘pchilik o‘rganib qolgan. Dunyoda qora rangdagi guruch ham borligi va uning foydali jihatlari haqida hamma ham bilavermaydi.
Soha vakillarining ma'lum qilishlaricha, qora guruch antosianin (kuchli antioksidant), V vitamini, niatsin, Ye vitamini, kalsiy, magniy, marganets, temir va ruxga boy bo‘lib, qadimda faqatgina imperator dasturxoniga tortilgan. Pishirilganda siyoh rangga kiruvchi bu guruchni iste'mol qilish oddiy xalqqa taqiqlangan.
Oqlanmasligi sababli, guruch o‘zida barcha darmondorilarni saqlab qoladi. Shuning uchun ham xitoyliklar qora guruchni kamqonlik, ko‘z kasalliklari, soch to‘kilishi, organizm qarishining oldini olish uchun iste'mol qilishadi. Bundan tashqari, mazkur navda oddiy sholiga nisbatan ikki barobar ko‘p oqsil va kletchatka bo‘lib, immunitetni ko‘tarish xususiyatiga ega. Olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, qora guruch parhezli mahsulotlar sirasiga kirib, u astmani keltirib chiqaruvchi bakteriyalarni nobud qiladi, turli xil teri kasalliklari, shishlar, allergiyaning oldini oladi, ichaklarni tozalaydi. Hattoki, saratonning ildizini kesadi degan mish-mishlar ham bor.
Eng quvonarlisi, tibet qora guruchi mahalliy oq guruch bilan changlanishi natijasida yangi guruch turi paydo bo‘ldi.
- Uning 317 donasi 6 gramm bo‘lib, hovlida ekib ko‘paytirishda davom etyapmiz,-deydi tadbirkor Ravshan Asamitdinov.- Agar bu avlod ham qora rangini saqlab qolsa, patentga topshirmoqchimiz. Nomini xam o‘ylab qo‘ydim, "qora shahzoda" - "chernyy prints".
Mavzuga oid
15:12
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
19:30 / 12.11.2024
Yong‘oqlar orttirilgan aqliy zaiflikka chalinish xavfini kamaytiradi - tadqiqot
10:56 / 07.11.2024