20 yanvar kuni Turkiya Qurolli kuchlari samolyotlari Suriya shimolidagi Afrin mintaqasiga aviazarbalar berdi. Turk aviatsiyasi hududdagi kurdlarning yuzdan ortiq pozitsiyalariga hujum uyushtirgan. Turkiyaning bu qarori AQSh Suriya shimolida IShIDga qarshi kampaniya nomi ostida kurdlar armiyasini tuzish harakatlariga javoban amalga oshirildi. Turkiya o‘zining janubiy chegaralari xavfsizligini ta'minlash maqsadida Suriya shimolida bufer zona tashkil qilish borasidagi harakatlarini davom ettirmoqda.
«Zaytun butog‘i» amaliyoti
Bir hafta muqaddam OAVda AQSh Suriya shimolida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 30 ming kishilik armiya tuzishi, bu armiya asosan kurdlardan tashkil topishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar ortidan Turkiyaning turli hududlaridagi harbiy texniklari Suriya bilan chegaraga hududiga ko‘chirila boshlandi. Bir necha marta Suriya shimoliga artilleriyadan o‘t ochildi.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson esa amerikaliklar Suriya shimolida armiya tuzmoqchi ekani haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Bu to‘qib chiqarilgan gaplar. Ayrimlar o‘zicha bayonot bergan. Biz chegarada hech qanday xavfsizlik kuchlarini tuzishni rejalashtirmagandik», — deyilgandi AQSh Davlat departamenti bayonotida.
Shuningdek, Davlat departamenti matbuot kotibi Xizer Noyyert Anqarani Suriya va Turkiya chegarasida yashovchi kurdlarga hujum qilmaslikka chaqirdi. Ammo Turkiya «Frot qalqoni» tipidagi amaliyotni boshlab bo‘lgandi («Frot qalqoni» 2016 yil yozidan 2017 yil martiga qadar olib borilgan. O‘shanda IShIDga qarshi harbiy amaliyot nomi bilan Suriya shimoliga kirgan turklar kurdlarning harbiy bo‘linmalariga qarshi ham urush olib borgandi).
20 yanvar kuni avvaliga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriya shimolida harbiy amaliyot boshlanib bo‘lganini ma'lum qildi. Ko‘p o‘tmasdan Turkiya bosh shtabi Afrinda «Zaytun butog‘i» nomli harbiy amaliyot boshlanganini e'lon qildi. Turkiya harbiylari bayonotida bu amaliyot «Suriya yaxlitligini hurmat qilgan holda» olib borilishi ma'lum qilingan.
Rossiya reaksiyasi
Bashar Asad rejimi ittifoqchisi hisoblanadigan Rossiya Afrindagi ziddiyatga aralashmaslikni ma'qul ko‘rdi.
Turkiya hujum boshlashi arafasida Rossiya Mudofaa vazirligi Arbindagi harbiylarini Tall-Adjar hududiga ko‘chirdi.
Rossiyalik harbiylar bayonotida Turkiyaning amaliyotiga AQShning Suriya shimolida kurd harbiy bo‘linmalarini shakllantirish uchun nazoratsiz qurol yetkazib berayotgani sabab bo‘lgani aytildi.


















