19:20 / 22.01.2018
62097

Suvni qachon ichgan ma'qul: ovqatgacha, undan keyin yoki ovqatlanish davomida?

Foto: screenshot

Kimdir suvni ovqatgacha ichishni tavsiya qiladi, ularning fikricha, shunda ovqat yaxshi hazm bo‘ladi. Boshqa birov esa buni xavfli deb hisoblaydi, chunki suv oshqozon shirasini suyultiradi, buning natijasida esa ovqat hazm qilish jarayoni sekinlashadi. Aslida qay biri haqiqat ekanini bilish uchun "Layfxaker" gastroentrolog, to‘g‘ri ovqatlanish va ovqat hazm qilish tizimi salomatligi haqidagi blog muallifi Anna Yurkevichga murojaat qildi.

Gap suv haqida ketganida uni qanday va qachon ichish emas, qancha ichish muhim. Biroq shunda ham ba'zi "lekinlar" bor.

Oziqlanishga doir qo‘llanmalarda odatda 25-30 ml/kg raqamlari qayd etiladi — insonga aynan shuncha suv ichish tavsiya etiladi. Albatta, bu raqamlar shartli, chunki insonning qancha suv ichish kerakligi qator omillarga bog‘liq:

  1. Havo namligi va haroratiga;
  2. Inson tana haroratiga;
  3. Vaznga;
  4. Yosh va jinsga;
  5. Jismoniy faollikka;
  6. Kasalliklarga, birinchi navbatda peshob tizimi kasalliklariga.

Inson o‘z organizmi signallariga, ya'ni tashnaligiga  e'tiborli bo‘lishi, uni erta bosqichda anglay bilishi kerak. Buning uchun qo‘l ostingizda doim suv bo‘lsin. Chanqog‘ingiz qongunicha va organizmingiz qoniqish hosil qilgunicha iching.

Endi esa navbat suv va taom ketma-ketligi masalasiga.

Suv oshqozon shirasini suyuqlashtirishi va kislotani pasaytirishi, shubhasiz, afsona.

Aks holda, kislota darajasini kamaytirishga mo‘ljallangan preparatlarni belgilashga zarurat qolmasdi, bir piyola suvning o‘zi yetarli bo‘lardi.

Suvni ovqatdan oldin, undan keyin va ovqatlanish davomida ham ichish mumkin. Gap maqsad va ichilayotgan suyuqlikning hajmida. Och qoringa ichilgan suv tezgina oshqozonni tark etadi: 300 ml 5-15 daqiqada chiqib ketadi. Albatta, ovqatgacha bir litr yoki undan ortiq suv ichishga hojat yo‘q, zero suyuqlik oshqozonni uzoqroq tark etadi, yeyilgan ovqat bilan birga esa oshqozonning devorlarini cho‘zib, yoqimsiz his-tuyg‘ularni keltirib chiqarishi mumkin.

Ovqat vaqtida suyuqlik ichish mumkin, ayniqsa, agar yog‘siz, quruq taomlar iste'mol qilayotgan bo‘lsangiz. Bunday holatlarda suv oshqozonda ovqat yaxshi hazm bo‘lishini yaxshilaydi.

Agar ovqatdan so‘ng biroz suv ichgingiz kelsa, bu normal holat. Asosiy mezon — bu sizning xohishingiz, ya'ni tashnalik va sizning hissiyotlaringiz.

Top