2018 yilning 20 yanvar kuni Turkiya Respublikasida oliy ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning uchrashuv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Istanbul shahrining Uskudar tumanida “Yoshlar Markazi” nomli saroyda tashkil etildi. Ushbu tadbirga Istanbul shahrida ta'lim olayotgan talabalar bilan bir qatorda Anqara, Ko‘jayeli, Sakarya, Qo‘nya, Samsun, Erzurum, Yalova va Edirne kabi viloyatlardan jami 100ga yaqin talaba ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi ikkinchi kotibi B. Tog‘ayev, Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi konsuli J. Parmanovdan tashqari Turkiya universitetlarida faoliyat yuritayotgan N. Hasanov, Z. Yusupov, B. Norboyev va Q. Shokirov singari professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etib, so‘zga chiqishdi.





“Talabalar uchrashuvi” shu yilning 18 yanvarida Qozog‘istonning Aqto‘be shahridagi fojiada vafot etgan o‘zbekistonliklarga bag‘ishlangan Qur'on tilovati bilan boshlandi, ular haqiga duolar qilindi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi talabalar jo‘rligida ijro etildi. Undan keyin boshlovchilar O‘zbekiston va Turkiya davlatlarining ta'lim va madaniy-ma'rifiy aloqalari tarixi, hozirgi vaziyati haqida ma'lumot berishdi. Hozirda Turkiya Respublikasida mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba ta'lim olayotgani aytib o‘tildi. Tadbirning rasmiy ochilish nutqi uchun so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi konsuli J. Parmanov mamlakatimizda tashkil etilgan “O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi”ning maqsad va vazifalariga ham to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi ikkinchi kotibi B. Tog‘ayev so‘zga chiqib, bunday tashkiliy tadbirni uyushtirgan talabalar E.Jumayev, Z.Kamalova, B.Musametov, F.Otaxonov, S.Boltaboyev, B.Rafiyeva, M.Ahmadjonov, A.Xudoyberganov va S.Mahmudjonovlarni samimiy qutladi va elchixona sifatida butun talabalarga har qanday yordam va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta'kidlab, bundan keyingi faoliyatlarda muvaffaqiyat tiladi.






















