«Tribuna» Ispaniya chempionatining 20-turidagi asosiy voqealarga to‘xtalib o‘tadi.

Suares yuztalikni urdi

Foto: La Liga

«Barselona»ning urugvaylik hujumchisi Luis Suares o‘z faoliyatida ikkinchi marta Ispaniya chempionatining qatorasiga yetti o‘yinida gol urdi (bundan avval u bunday seriyani 2015/16 yilgi mavsumda qayd etgandi). La liganing keyingi 50 yillik tarixida ungacha bunday natijani faqat ikki futbolchi qayd etgan: Ferents Pushkash (1959/60 va 1960/61) hamda Krishtianu Ronaldu (2011/12 va 2014/15). Joriy mavsumda doimiy ravishda gol urish borasida eng yaxshi yana bir ko‘rsatkich yana bir urugvaylik hujumchi Edinson Kavaniga tegishli bo‘lib turibdi. U ham Fransiya chempionatida oxirgi 7 o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi. Suares «Betis» darvozasiga ikkita gol urish orqali «Barselona» safida La Liga o‘yinlarida urilgan gollari sonini 100taga yetkazdi. U bu borada ko‘k-anorranglilar tarixida bu nuqtadan o‘tgan beshinchi futbolchi bo‘ldi.

Foto: La Liga

Suaresdan tashqari, «bodringlar» jamoasini Messi (ikki marta) va Rakitich ham ranjitdi. Argentinalik va urugvaylik hujumchilar bu mavsumda aql bovar qilmas samaradorlik ko‘rsatishmoqda – ulab birgalikda Ispaniya chempionatida to‘purarlar ro‘yxatini boshqarishmoqda, ikki futbolchi jami 34 gol urgan (15ta Luisda, 19ta Leoda). Ispaniyada faqat 3 jamoa ushbu juftlikning gollaridan ko‘proq gol urgan – «Valensiya» (41), «Real» (39) va «Selta» (35).

Ronalduning qonli dubli

Foto: Squawka

«Real» «Santyago Bernabeu»da «Deportivo»ni yakson etdi. Nacho, Beyl, yana Beyl, Modrich... Nimadir yetishmayotgandi, bunday o‘yinda «Real»ning asosiy hujumchisi tabloda o‘z nomini qoldirmasdan chiqib ketishi mumkin emasdek edi. Oxirgi haftalarda «Real»ning asosiy nyusmeykeriga aylangan, Peres bilan maoshi masalasida kelisha olmayotgan Ronaldu bu o‘yinda o‘z talablarini oqlashi kerak edi. U joriy mavsumda Ispaniya chempionatida juda kam gol urayotgandi. Mavsum yarmidan o‘tib uning hisobida bu o‘yingacha atigi 4 gol mavjud edi. Galisiyaliklarga qarshi o‘yinda u dubl qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi golni urish vaqtida raqib himoyachisining oyog‘i uning boshiga tegdi, uning qoshi yorildi va yuzi qonga belandi.