14:40 / 23.01.2018
21066

Mino Rayola «MYu»ni tiz cho‘ktirdi. Sanchesni Mxitaryanga ayriboshlash yuzasidan 3 xulosa

Qishki transfer darchasining eng esni og‘dirar darajadagi bitimi borasida Eurosport sharhlovchisi Pavel Gorodnitskiy o‘z fikrlarini bayon etdi. 

Rayola — daho va yaramas

Barter London va Manchester o‘rtasidagi futbolchi ayriboshlash barcha uchun optimal ko‘rinish hosil qildi.

Yozda «Arsenal» Sanchesdan nol funt evaziga judo bo‘lar edi, biroq alaloqibatda uni yaxshi texnikaga ega, aqlli va universal yarimhimoyachiga almashtirdi — Transfermarkt arman futbolchisini 35 million yevroga baholagan. Buni «kanonirlar» menejmenti aniq qovun tushirmagan hol, desa bo‘ladi.

2016 yilda Mourinyu Genrix uchun 42 million yevro sarflagan, keyin uni zaxira o‘rindig‘ida chirita boshladi — portugaliyalik mutaxassisning omadi keldi, «Arsenal» Mxitaryanni qo‘ldan chiqa boshlagan top-forvardga ayriboshlashga rozi bo‘ldi. Agar londonliklar bo‘lmaganida «MYu» arman futbolchisini o‘zida saqlab turaverar va hech qachon uni foydasi bilan sota olmasdi. Eng yaxshi holatda Genrixni sanoqli penslar evaziga «Borussiya» qaytarib olardi, Xuddi Kagava singari (yaponiyalik futbolchi 16 millionga xarid qilinib, 8 millionga qaytarilgan).

APL tarixidagi eng asosiy almashtirishda Mino Rayola hammadan ham ko‘proq foyda qildi. «Arsenal»dan qurutdek sanab olishi tayin bo‘lgan komission to‘lovlardan tashqari, xomsemiz golland yana bir ajoyib sxemani tashkil qilgan.

Mohiyat oddiygina. Sanches «Yunayted»ga kosmik miqdordagi maosh — haftasiga 450 ming funt (510 ming yevro) evaziga o‘tdi. Pogba hozir haftasiga 260 ming funt (394 ming yevro) ishlab topmoqda. Rayola statistikani pesh qilib, Polning maoshi Aleksisnikicha bo‘lishini talab qilmoqda. Albatta, surbetlarcha, biroq o‘rinli talab.

Bu nima bilan tugaydi? To‘ppa-to‘g‘ri: «iblislar» xo‘jayinlari hammasiga rozi bo‘lishadi, Rayola esa Pogbaning maoshidan 10 foizlik ulushga ega bo‘ladi. Uning moyanasi haftasiga 20 ming yevroga oshadi (bu esa yiliga 1 million degani). Ajoyib emasmi?!

Foto: The Sun

Ayriboshlashlar ko‘payadi

Bozorning allaqachon tomi ketgan — kuchsiz futbolchilarni 15–20 milliondan, o‘rtachalarini — 25–30, yaxshilarini — 40 milliondan boshlab sotishmoqda, superyulduzlar va taqchil pozitsiya uchun yigitlarga 60-70-80 millionlik narxlar belgilangan. O‘z-uzidan, transfer telbaligi ba'zan o‘zini o‘zi tartibga solib turishi ham kerak — buning uchun aynan ayriboshlashlar qo‘l kelmoqda.

Birinchidan, shu yo‘l bilan zaxira o‘rindig‘iga mixlanib qolgan futbolchilardan qutilish mumkin — ularni xuddi shunday nazardan tushganlarga, biroq boshqa ampluadagi va boshqacha xarakteristikaga ega bo‘lganlariga almashtirish mumkin.

Ikkinchidan, ayriboshlash — klublar motivatsiyasi o‘lgan futbolchilarni erkin agent sifatida qo‘yib yubormaslik uchun eng maqbul variant: barterni shartnoma tugashiga bir yil yoki yarim yil qolganda (Aleksisniki singari) amalga oshirish mantiqli.

Uchinchidan, aftidan, ayriboshlash holatida soliqqa tortish va buxgalteriya soddalashadi, chunki bunday holatlarda pul nomiga ifodalanadi (ko‘pincha jarayon bilan shug‘ullanayotganlar uchun bonus shaklida).

Albatta, «Arsenal» va «MYu» bu mexanizmdan foydalangan ilk klublar emas, lekin Mxitaryan va Sanches qo‘shimcha to‘lovlarsiz ayriboshlash trendini boshlab berishlari mumkin: bir-ikki yil ilgari MXL va MBAdan kelgan yot unsur sifatida qaralayotgan narsa futbolda ham reallikka aylanmoqda.

Transfer mish-mishlarini kuzatishdan endi naf yo‘q

Haftalar davomida Sanchesning qishda yoki yozda «Etihad»ga o‘tishi haqidagi yangiliklar bilan boqilgan mushtariylar qanchadan qancha bo‘sh vaqtini kutish bilan o‘tkazishganini tasavvur qilish qiyin. Hammasi sensatsiya bilan tugadi: «shaharliklar» chililik futbolchidan otning kallasidek maosh so‘ragani uchun voz kechishdi, «MYu» esa bozorga suqilib kirib, bir hafta ichida bitimni imzoladi. 

Bu shiddatli syujyet bir narsaga o‘rgatadi: barcha transfer lag‘monlarini quloq va burunlardan olib tashlash kerak, toki ijtimoiy tarmoqlarda o‘yinchining yangi klub libosidagi haqqoniy fotosuratlari paydo bo‘lmagunicha.

Qolgani — hayotning qaytarib bo‘lmas daqiqalarini sovurishdan bo‘lak narsa emas. Yaxshisi bebaho vaqtni Rayolaning yovuz sxemalarini o‘rganishga sarflash kerak: so‘nggi bir-ikki yil ichida pulni shu qadar iste'dod bilan topmoqdaki, u yaqinda barcha asosiy mijozlari qarib chirib bo‘lgan Jorjye Mendeshni shuhrat shohsupasidan bir tepib tushirib yuborishi aniq.

Mavzuga oid
Top