«Tribuna» Angliya premer ligasining 24-turi uchrashuvlariga to‘xtaladi.

Klopp yana Robin Gud rolida

Foto: Twitter

Mag‘lubiyatsiz 18 uchrashuv seriyasi, oxirgi turda yengilmas «Manchester Siti» ustidan g‘alaba, Firmino-Mane-Saloh triosining ajoyib formasi va van Deykning klub safida premer-ligadagi debyuti... Turnir jadvalida eng oxirgi o‘rinda joylashgan «Suonsi»ga qarshi o‘yindan oldin «Liverpul» klubi muxlislari muvaffaqiyatdan shubha qilishmayotgandi. Ammo «qizillar» autsayderlarga mag‘lub bo‘lishning «hadisini olishgan» va endi yana «MYu» va «Chelsi»dan ortda qola boshladi.

O‘yindagi yagona gol mersisaydliklar jamoasi himoyachilari bir-birini tushunmay qolgani oqibatida kelib chiqdi. Burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda van Deyk to‘pni raqib oyoqlariga tashlab berdi va Mouson to‘pni darvozaga yo‘lladi. Tanaffusdan keyin o‘z jarima maydoniga qamalib olgan «Suonsi» darvozasiga 17 marta zarba yo‘llandi ammo gol bo‘lmadi. Endi «Liverpul» ikkinchi o‘rindan 6 ochko ortda qolmoqda, shuningdek, 10-o‘rindagi «Uotford» bilan 20-o‘rindagi «Suonsi» orasidagi farq ham 6 ochko.

Endi Klopp avvalgi turda «Manchester Siti»ni dog‘da qoldirgan bo‘lsada, APLda yanvar oyining eng yaxshi murabbiyi bo‘la olmasligi mumkin. U Angliyada uchinchi mavsumni o‘tkazayotgan bo‘lsada, hamon bunday sovrinni qo‘lga kiritgani yo‘q.

Venger Sanchessiz qoldi

Foto: Premer Liga

Shanba kuni «MYu» mustahkam himoyaga ega «Byornli» ustidan qiyinchilik bilan bo‘lsada g‘alabaga erishdi (1:0), «Arsenal» «Kristal Pelas» darvozasiga 22 daqiqda 4ta gol urdi. Ammo bu g‘alabali o‘yinda «Arsenal» yetakchisi Aleksis Sanches qatnashmagandi, u bu vaqtda Manchester tomon yo‘lga tushgandi. O‘yindan keyin Mourino ham Venger ham bu transfer tez orada ro‘y berishini tasdiqlashdi.

Dushanba kuni barchasi hal bo‘ldi, Sanches «MYu»ga bordi, Mxitaryan «Arsenal»ga keldi. Bu katta sensatsion transfer bo‘ldi, ammo ikki futbolchi ham o‘z jamoasida qola olmasligi allaqachon ma'lum bo‘lib ulgurgandi.

Rondon: Aybsiz aybdorning ko‘z yoshlari