«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan hujumchi Krishtianu Ronalduning Primera 20-turidan o‘rin olgan «Deportivo»ga (7:1) qarshi o‘yindagi g‘alati hatti-harakatiga izoh berdi.
Ma'lumki, 32 yoshli futbolchi yuzi yorilgan vaziyatda, qo‘liga shifokor telefonini olib, old kamera orqali yuzining holatini tekshirgan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda turli hazil-mutoyibalarga sabab bo‘lgan edi.
«Odamlarning og‘zini yopib bo‘lmaydi. U nima voqea yuz berganini aniqlash uchun, yuzi qanchalik yorilganini bilish uchun telefonni qo‘lga oldi. Bor gap shu.
U o‘yinni davom ettira oladimi yoki yo‘qmi, shuni bilmoqchi edi. Uning yuzini tikib qo‘yishdi va u endi yana maydonga tushishga tayyor.