O‘zbekiston | 15:30 / 24.01.2018
31701
3 daqiqa o‘qiladi

Ayni kunda Toshkent shahrida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi doimiy propiskasiz amalga oshirilmaydi

2018 yilgi Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlar bekor qilinishi ma'lum bo‘lgach, Adliya, xususan, notarial idoralarga murojaatlar soni keskin oshdi. Murojaatlarning aksarida, «Propiskasi bo‘lmagan odamlar Toshkentdan uy olishi mumkinmi?» deb so‘ralmoqda. Adliya vazirligi matbuot xizmati bu masalaga oydinlik kiritdi.

Adliya vazirligining telegramdagi Huquqiy axborot kanalida (@huquqiyaxborot) ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda amalda bo‘lib turgan Hukumatning 2012 yil 16 fevraldagi 41-son qaroriga asosan Toshkent shahrida ko‘chmas mulkka oid oldi-sotdi, almashtirish, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan o‘zgaga berish va hadya qilishni notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sotib oluvchi tomon Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lsagina amalga oshiriladi.

Shu bilan birgalikda, Davlat dasturida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibi soddalashtirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar rejalashtirilgan.

pasport olish, ta'lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish;

voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikni bekor qilish;

mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;

Toshkent shahri va viloyatida  doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish; 

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish;

ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish.

Loyihalar 20 mart kuniga qadar ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid