16:32 / 24.01.2018
5032

BMT vakili O‘zbekiston IIVga tashrif buyurdi

Foto: IIV

BMTning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal O‘zbekiston Respublikasi IIVga tashrif buyurdi.

Tadbir davomida tomonlar giyohvandlik vositalari kontrabandasi va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, O‘zbekistonda inson huquqlarini, jumladan, mahkumlarning va mahbuslarning huquqlarini ta'minlash kabi bir qator masalalarni muhokama qilishdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Muzokara ishtirokchilari asosiy e'tiborni mamlakat va BMTning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Amaliy tadbirlar rejasi («Yo‘l xaritasi»)ni amalga oshirishga qaratishdi. BMTning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV yigirma yil davomida giyohvandlik vositalari kontrabandasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalarida samarali hamkorlik qilib kelayotgani qayd etildi.

A. Mittal o‘tgan 2017 yilni giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish borasida samarali yil deb atash mumkinligini, ushbu sohadagi hamkorlikni joriy yilda ham davom ettirish zarurligini ta'kidlab o‘tdi. 

Bundan tashqari, IIV va BMT tuzilmalari o‘rtasidagi «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sifatini oshirish bo‘yicha jinoiy, jinoiy-protsessual va jinoiy-ijro etish tizimi sohasida qonunchilikni takomillashtirish masalalari borasida kelajakdagi hamkorlikning aniq yo‘llari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

A. Mittal, shuningdek, ichki ishlar organlari, xususan jazoni ijro etish muassasalari xodimlari odil jinoiy sudlov, jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olish sohasida xalqaro tajribadan samarali foydalanishlari uchun joriy yilda bu yo‘nalishda ular bilan o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar o‘tkazishni taklif etdi.

Tashrif chog‘ida boshqa dolzarb masalalar ham muhokama etilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. 

Top