Davlat dasturida Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va uni rivojlantirishning o‘rta muddatli Kontseptsiyasini hamda 2018 – 2021 yillarda Kontseptsiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xarita»sini ishlab chiqish va tasdiqlash, unda bosqichma-bosqich inflyatsiyaviy targetlash rejimiga o‘tish belgilab olingan.

2018 yilning 1 iyuligacha Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan kontseptsiya va «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.

Kontseptsiya va «yo‘l xaritasi»da pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlarini xalqaro tajriba hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, xususan:

  • umumiqtisodiy, soliq-byudjyet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, bunda iqtisodiy o‘sish, davlat byudjyetining balanslashgani va iqtisodiyotdagi narxlar darajasining barqarorligi bo‘yicha o‘zaro harakatlar va maqsadlarning kelishilganligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratish;
  • likvidlikni boshqarish operatsiyalari bo‘yicha pul-kredit siyosatining samarali qo‘llaniladigan foiz instrumentlari turlarini kengaytirish;
  • tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarini keng joriy etish;
  • ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq makroiqtisodiy tahlil va prognozlashni takomillashtirish;
  • pul-kredit siyosatining, jumladan, qo‘llanilayotgan instrumentlar va yakuniy maqsadlar to‘g‘risida axborot yetkazib berish yo‘li bilan, shaffoflik va prognoz qilish imkoniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Tahririyatdan: Ekspertlarning fikricha, tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarining joriy etilishi — valyuta erkin konvertatsiyasining ochilishi darajasidan kam bo‘lmagan olamshumul yangilikdir. Chunki arzon va imtiyozli valyuta tugatilganidek, endi arzon kreditlar ham tugatiladi. Barchasini bozor hal qiladi.