O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekistonda OIV virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida: 

1. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlandi. 

2. Belgilab qo‘yilishicha, 2018 yil 1 iyuldan boshlab OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi tumanlararo diagnostika laboratoriyalari hududiy OITSga qarshi kurashish markazlari tarkibiga kiritiladi va markazlarga ushbu laboratoriyalarni moliyalashtirish, moddiy-texnik ta'minlash hamda faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish yuklanadi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamoat tashkilotlari faoliyati va hamkorligini muvofiqlashtiradi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ajratadi; 

kelgusi yillarda retrovirusga qarshi preparatlar va OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash samaradorligi monitoringini olib borish uchun zarur bo‘lgan test-sistemalar bilan ta'minlashga Davlat byudjyetidan mablag‘lar ajratish bosqichma-bosqich oshirib borilishini nazarda tutadi. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda OIV infeksiyasi va qo‘shimcha kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash uchun zarur bo‘lgan diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritadi;