Jahon | 13:23 / 25.01.2018
18747
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston 2030 yilgacha nimaga erishmoqchi ekani ma'lum bo‘ldi 

Foto: AKIpress

Qozog‘iston 2030 yilga qadar jahondagi eng rivojlangan 30 davlat qatoridan joy olish niyatida. Bu haqda respublika madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhammado‘g‘li hukumatdagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning o‘sishiga turizm ham juda katta ta'sir ko‘rsatadi.

«2017 yilda Qozog‘iston turizmi rivojida tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi. EKSPO muvaffaqiyatli o‘tkazilgani tufayli butun dunyo Qozog‘istonni g‘arb va sharq madaniyati chorrahasida joylashgan yangi turistik joy sifatida ko‘ra boshladi. Qozog‘iston mustaqillik yillarida birinchi marta jahon turizm xaritasidan aniq joyni egalladi», - deya aytib o‘tdi vazirlik rahbari.

Uning ta'kidlashicha, turizm oldiga katta vazifa qo‘yilgan – YaIM ulushini 2016 yildagi 1 foizdan 2025 yilga qadar 8 foizga oshirish. Buning uchun qator choralar ko‘rilgan, jumladan respublika vazirliklari va mintaqalari hamkorlik haqida tegishli memorandumlar imzoladi. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda «KazaxTurizm» AJ bazasida yetakchi mamlakatlar tajribasi bo‘yicha turizmni rivojlantirish bo‘yicha ofis ochildi, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, Olmaota va Ostona shahri orqali o‘tuvchi Xitoy fuqarolariga 72 soatlik vizasiz tranzit joriy qilindi. 

«EKSPO o‘tkazilishi davrida ushbu tajriba o‘z samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatdi. 3 oy ichida mamlakatga Xitoydan 4,5 ming sayyoh tashrif buyurdi, ular mamlakat iqtisodiyotiga har biri 250 dan 300 dollargacha qoldirdi. Yaqin vaqt ichida Hindiston fuqarolari uchun ham shunday rejim joriy etishni rejalashtirganmiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi A.Muhammado‘g‘li.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning maqsadi – 2030 yilga qadar jahondagi eng rivojlangan 30 davlat safidan joy olish.

Mavzuga oid