O‘zbekiston Respublikasi prezidenti "Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatgan. Xususan: 

birinchidan, kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilganligi, ayniqsa, hududlarda transport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmaganligi hamda ob-havo sharoitlari tufayli o‘quvchilarning vaqti-vaqti bilan ommaviy ravishda dars mashg‘ulotlarini qoldirishlariga sabab bo‘lmoqda;
  
ikkinchidan, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini shakllantirishning mavjud amaliyoti kasb-hunar kollejlari ta'lim yo‘nalishlariga javob bermaydigan o‘quv ustaxonalari tashkil etilishiga, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan yetarli darajada ta'minlanmasligiga olib keldi. Kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik jihozlanishining o‘rtacha darajasi bugungi kunda atigi 56 foizni tashkil etadi, 31 ta kasb-hunar kollejida o‘quv ustaxonalari umuman mavjud emas; 
  
uchinchidan, yetarli darajada moliyalashtirilmaganligi natijasida kasb-hunar ta'limi tizimi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmadi, darsliklarning 50 foizi rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilinmagan, amaldagi darsliklar biror marta yangilanmagan;

to‘rtinchidan, kasb-hunar kollejlarida kadrlar tayyorlash tizimi hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojlaridan ortda qolganligi, shuningdek, kasb-hunar kollejlari uchun belgilangan qabul kvotalarida mehnat bozori kon'yunkturasida ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish imkoniyatlari hisobga olinmasligi bitiruvchilarni ishga joylashtirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda; 

beshinchidan, kasb-hunar kollejlaridagi mavjud o‘quv jarayonini tashkil etishning hozirgi holati, qo‘llanilayotgan o‘quv-normativ hujjatlar hamda o‘qitish muddatlari kasblarning murakkablik darajasiga javob bermaydi, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar olinayotgan bilim darajasi tushib ketishiga va tegishli ravishda qator ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilarga bo‘lgan ehtiyojning pasayishiga olib keladi va natijada o‘qishni tamomlagandan keyin ish joylarida ularni qo‘shimcha o‘qitish zaruratini keltirib chiqarmoqda;