O‘zbekiston | 10:02 / 25.01.2018
54699
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive 2019 yilda mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi

Foto: UzDaily

O‘tgan yili qurilishi boshlangan Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodi to‘g‘risida bugun ko‘pchilik biladi. Umumiy qiymati 133,3 million yevro bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 16 ming Peugeot Expert va Peugeot Boxer rusumidagi eksportbop tijorat avtomobillari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bunday zamonaviy avtomobillarga Fransiya, Eron, Rossiya va MDHning boshqa davlatlarida ehtiyoj katta. 

O‘zA xabariga ko‘ra, shu kunlarda zavod qurilishi uchun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududidan ajratilgan 45 gektarlik yerda ish qizg‘in. Investitsiya loyihasi doirasida korxonaning qurilish-montaj ishlari joriy yil may oyiga qadar amalga oshiriladi, 2019 yilda mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi.

Zavodning ishga tushirilishi tarmoqdagi boshqa korxonalarda ish hajmining oshishiga ham olib keladi. Korxona ish boshlagan birinchi yildan boshlab avtomobil butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 30 ga yaqin yirik va 160 dan ziyod o‘rta va kichik korxonalarni jalb etish yo‘li bilan kamida 50 foiz mahalliylashtirish darajasini ta’minlash rejalashtirilgan. Yangi korxonada 600 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi. 

Mavzuga oid