O‘zbekiston | 22:25 / 26.01.2018
18649
4 daqiqa o‘qiladi

Endi ayrim onkologik kasalliklarni operatsiya qilish uchun Hindistonga borishga hojat yo‘q

Foto: KUN.UZ

Murakkab onkologik operatsiyalar Samarqandda bajarilmoqda, deb yozadi «Zarafshon» gazetasi.

Saraton diagnostikasi va davolashning zamonaviy usullari keng joriy etilishi natijasida keyingi besh oyda Samarqandda ilk bor qizilo‘ngach saratoni bo‘yicha murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi. Me'da saratoni bo‘yicha kengaytirilgan gastrektomiya va bir vaqtning o‘zida sun'iy oshqozon yasash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘pka saratonini davolashda lob va pulmonektomiya jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Ko‘ks oralig‘i o‘smalari bo‘yicha ko‘ks orti o‘smalarini olish boshlandi. Shu va boshqa yo‘nalishlarda Samarqand tibbiyoti tarixida ilk bor 62 yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Bu ma'lumotlar viloyat matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida aytildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, professor M.Jo‘rayev Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 4 apreldagi qarori asosida filialda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

— Bugungi kunda viloyat aholisining saraton bilan bog‘liq xastaliklarni aniqlash va davolash uchun poytaxtga yoki xorijiy davlatlarga borishiga deyarli hojat yo‘q, — dedi M.Jo‘rayev. — Barcha tibbiy muolajalarni filialning o‘zida ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Joriy yilda gammaterapevtik, angiograf apparatlari, ultratovush tekshiruvi uskunasi va boshqa zamonaviy jihozlarni olganimizdan so‘ng nur terapiyasi va boshqa murakkab amaliyotlarni ham shu yerda bajarish mumkin bo‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida filialning 5 nafar yosh xodimi Hindistondagi BLK klinikasida onkologiyaning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib keldi.

— Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat tufayli Hindistondagi klinikada tajriba o‘rganib kelib, O‘zbekistonda birinchi marotaba sut bezi saratonida jarrohlik amaliyotidan so‘ng kuzatilishi mumkin bo‘lgan limfostaz asoratining oldini olish maqsadida limfa-venoz anastomoz qo‘yishni boshladik, — deydi filial vrachi Sohibjon Uzoqov. — Hozirgacha uch nafar bemorda bu amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi. Kelgusida ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlarimizni davom ettirib, kasallikni davolashning yangi metodlaridan foydalanmoqchimiz.

Xorijda malaka oshirib kelgan yana bir yosh mutaxassis Parvina Zaripovaning aytishicha, ayni paytda filialda a'zo saqlovchi operatsiyalarni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rigan bemorlarni samarali davolash hamda ularga psixologik yordam berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilda filialning o‘ndan ortiq xodimini Turkiyaning ACIBADEM klinikasiga, shuningdek, N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markaziga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Rossiya onkologiya ilmiy markazining morfologiya va kimyoterapiya bo‘yicha yetuk mutaxassislari Samarqandga kelib, mahorat darslari o‘tkazadi.

Mavzuga oid