Men Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni fidoyi, xalqparvar, odil rahbar, yetuk siyosatchi deb o‘ylardim, ammo kechagi videoselektorda u o‘ziga- o‘zi bahoni qo‘ydi. Ajabo, bir viloyat hokimi - el suygan Prezidentning vakili butun bir Toshloq tumani aholisini haromiga chiqarib tursa-ya! O‘zi janob G‘aniyev haromi degan so‘zning ma'nosi o‘zaro nikoh qilinmagan erkak va ayoldan tug‘ilgan bolani anglatishini bilarmikan? Shuncha narsani bilgan odam, nahotki, shu so‘zning ma'nosini bilmasa? Bilsa, nega bir necha yuz minglab xalqqa tuhmat qiladi?

Yigitning g‘ururi, oriyati toptalganidan ko‘ra, uning o‘lgani afzal. Butun tuman halqini kuppa-kunduz kuni, yana deng XXI asr - shiddatli taraqqiyot davrida Prezidentning viloyatdagi eng ishonchli odami haqorat qilib tursa. Bosh prokuratura, senatorlar, deputatlar, ma'naviyatimiz darg‘alari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilarining ko‘zlari qayerda, nega bir og‘iz churq etmaydilar? Qani vatanparvar, xalqparvar fidoiylar?! Yoshlar ittifoqi vakillarining bu voqeaga munosabatlarini nega ko‘rmayapmiz?! Xalqning g‘ururi toptalayotgan pallada sichqonning iniga kirib ketsak. Afsus... Afsus... Undan ko‘ra, viloyat hokimi mening ko‘kragimga pichoq ursa qaniydi! Shu gaplarni eshitgandan ko‘ra, men Toshloq xalqining sha'nini himoya qilib o‘lganim yaxshi edi. Eh, Toshloq hokimi, millatning qahramoni bo‘lib chiqadigan majlisdan “janob hech kim” bo‘lib chiqishlik uyat, sharmandalik emasmi? Yigitning umri, jonini 5 million so‘mga minnat qilgan viloyat hokimining gapi haqoratdan boshqa narsa emas.

Prezidentimiz har doim “menga sadoqatli, fidoiy kadrlar kerak”, deydilar. Aslida, insonning sadoqatli, fidoyi ekanligini xalqqa bo‘lgan munosabati va hurmatidan bilsa bo‘ladi. O‘z tuman xalqini haqoratdan saqlab qola olmagan tuman hokimi o‘z mansabiga loyiqmikan? Men qat'iy va keskin “yo‘q” deyman. Shu ma'noda viloyat hokimi “Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket, hokim bo‘lib o‘tirmasdan”, deganida edi ming marta haq bo‘lardi. Balki bu fikrimga ko‘plar qo‘shilar.

Shu yerda ozroq lirik chekinish qilsak. Men umrim bino bo‘lib onamni hech kimga so‘ktirmaganman. So‘kkan holatlar bo‘lganida yaxshilab “yem”ini berib qo‘yganman. Chunki mening Onam, menga bog‘liq ayollar sha'ni - hayotimning ma'nosi va mazmuni. Shular bilan hayotim go‘zal. Shirin jonimni berib bo‘lsada men ularni himoya qilishim, asrashim, har qanday holatlarda ham sha'ni, oriyatiga dog‘ tushirmasligim shart!

1994 yilda Buxoro viloyatida bir uchastka inspektorini tuman IIB boshlig‘i onasidan so‘kkanini guvohi bo‘lganman. O‘sha paytda agar IIV tizimida onadan so‘kadigan bo‘lsa, bir umr shu tizimda ishlamayman deganman. Eng qizig‘i, 1997 yilda Toshkent shahar IIBBga ishga taklif tushganda, aynan shu sabablar tufayli ishga o‘tmaganman. Albatta, undan keyin qancha suvlar oqib o‘tdi. Bugungi kunda IIV tizimida bunday noxushliklarga chek qo‘yilganiga aminman, buni shu sohada ishlab yurgan tanishlarim ham aytishadi.