9-27 yanvar kunlari mobaynida Xitoy mezbonligida o‘tgan Osiyo chempionati finalida Vetnam terma jamoasini qo‘shimcha vaqtda urilgan gol evaziga 2:1 hisobida mag‘lub etib, Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi. Quyida ushbu turnir yakunlariga xulosa qilinadi.

Ravshan Haydarov

Foto: OFK

Ravshan Haydarovni murabbiy sifatida kamida o‘n besh yildan beri bilamiz. «Traktor», «Paxtakor» va hatto unga o‘z vaqtida jahon chempionatida saralashida qatnashayotgan terma jamoamiz ham ishonib topshirilgandi. Ammo u doim kimningdir soyasida qolgan, avvaliga Agamurodov, keyin Yurgen Gyode yoki Viktor Jalilov unga, Haydarovga sherik bo‘lar, so‘nggi yillarda esa, u ko‘proq Samvel Babayanning «chizig‘idan chiqmaydigan mutaxassis» sifatida taassurot qoldirayotgandi.

Ushbu musobaqa Haydarovni aynan murabbiy sifatida qaytadan kashf etdi, deyish mumkin. Jamoa o‘yinida murabbiyning qo‘li yaqqol sezildi, ayniqsa, musobaqa davomida paydo bo‘lgan turli vaziyatlarga yoshlarni tayyorlash oson emas – guruhdagi chigal vaziyatda sovuqqonlik, yaponlarning bizdan yosh ekanini hisobga olib dastlabki daqiqalardan bosim uyushtirish, Janubiy Koreya bir o‘yinchi kam bo‘lib qolganda tashabbusni qo‘lga olish, finaldagi noqulay ob havo va ayniqsa, 1:1 hisobidagi o‘yinlarda o‘zini suvga tushgan baliqdek his qiladigan Vetnam jamoasini mag‘lub etish. Bularning barchasida bosh murabbiyning muhim va o‘z vaqtida chiqarilgan qarorlari turganini alohida ta'kidlash joiz.

Hujumkorlik

Foto: OFK

Futbolchilarimiz pley-offdan boshlab 3 o‘yinda jami 10 gol urishdi. Gollar standart vaziyatlardan ham, tezkor qarshi hujumlar yoki pozitsion hujumlardagi chiroyli kombinatsiyalar orqali ham kiritildi. Gol urgan futbolchilar ham har xil, ya'ni jamoa o‘yinida rang-baranglik va hujumkorlik ko‘zga tashlandi.

Eng asosiysi, Yaponiya va Koreyaga qarshi o‘yinlarda kerakli hisoblar qayd etilgandan keyin ham jamoa himoyaga o‘tib olmadi va yana gol urish, chiroyli o‘yin ko‘rsatishga bo‘lgan harakatlar sezilib turdi.

Bu U23!