Hayotda shunday holatlarga duch kelinadiki, ba'zida kim haq, kim nohaqligini ajratish mushkul bo‘lib qoladi. Garchi hozirgi kunda qog‘ozlar so‘zlayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda o‘sha qog‘ozlar inobatga olinmasligi kishining asabini buzadi. Qonunbuzarlik sodir etilgani aniq, sud mahkamasi ham bir necha bor hal qiluv qarorlarini chiqargan, ammo voqealar rivoji shunday davom etdiki, alaloqibat ikki tomon ham yersiz qolib ketganiga nima deysiz? 

KUN.UZ tahririyatiga Bo‘stonliq tumanida 2006 yilda tashkil etilgan va ayni vaqtda kasod yoqasida qolgan “Iskandar Foods” xususiy korxonasidan murojaat kelib tushdi. Biz holat bilan yaqindan tanishish maqsadida korxona joylashgan Bo‘stonliq tumani Iskandar qo‘rg‘oniga borib, dastavval xususiy korxonaning faoliyati bilan qiziqdik. 

Bir vaqtlar meva-sabzavotlar, sutni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan “Iskandar Foods” xususiy korxonasining nizom jamg‘armasidan konvertatsiya muammolari sababli amerikalik tadbirkorlar o‘z ulushlarini olib chiqishadi. Ayni vaqtda korxona xarob ahvolda. Chunki 2015 yildan ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Bino va inshootlar bo‘sh yotibdi. Korxona rahbari Mirhosil Halimovning aytishicha, bunga yondosh hududda joylashgan “Lotos Gold” MChJga tuman hokimligi va kadastr bo‘limi xatosi bilan XK yeri berib yuborilgani sababdir. 

Gap shundaki, tuman yer kadastr bo‘limi xodimlari birinchi tashkilotga tegishli bo‘lgan hududning bir qismini undan bir necha yil keyin tashkil etilgan korxonaga berib yuborgan. Oqibatda 3 gektarga yaqin yer maydoni qog‘ozda 3,5 gektarga aylanib qolgan. “Lotos Gold” MChJ 2011 yil noyabrida tashkil etilgan bo‘lsa, yer talashish mojarosi 2013 yil 31 iyulda tuman prokurorining protesti bilan boshlangan. 

Sudma-sud, idorama-idora yurishlar boshlanib, ikki tomon apellyatsiya jarayonlaridan ham o‘tgan, sud mahkamalarida “Iskandar Foods”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, sud qarorini ijro etishga kelganida “Lotos Gold” MChJning toshi og‘ir bosgani sababli ijro qog‘ozda qolib ketavergan. Bir tomon murosani taklif qilsa, ikkinchi tomon qabul qilmagan.