Endi futbolimiz o‘zgaradi. Majburlab pul yig‘ilmaydi, o‘yinlar kelishilmaydi, Babayan bo‘lmaydi, «kal Geynrix» terma jamoaga chaqirilmaydi, xullas juda ko‘p «muammolarimiz» bir nutq bilan yechilib ketgandek, nazarimda. Ammo...

2006 yilda bir jinoiy ish yuzasidan Italiyaning «Yuventus» klubi bosh direktori Luchiano Modjining telefon qo‘ng‘iroqlari «eshitilganda», boshqa haqiqatlar yuzaga chiqadi - Modji 2004/05 yilgi mavsumda jamoasi o‘yinlariga «o‘z hakamlarini tayinlash»da ba'zi funktsionerlar bilan muloqotlar qilar ekan. Ish kattalashib ketadi va:

- Luchiano Modji umrbod futboldan chetlatiladi, kelishilgan o‘yinlar uyushtirgani uchun Neapol sudi uni 5 yilga ozodlikdan mahrum qiladi. 
- hakam Massimo de Santis 4.5 yilga futboldan chetlashtiriladi. 
- Italiya futbol federatsiyasi prezidenti va vitse-prezidenti iste'foga chiqadi.
- «Rejjina» prezidenti Lilo Fonti 20 ming funt jarima to‘lab, 2.5 yilga futboldan chetlashtiriladi. 
- Adriano Galliani 5 oyga futboldan chetlashtiriladi. 
- «Yuventus» ijrochi direktori Antonio Jiraudo umrbod futboldan chetlashtiriladi. 
- «Milan», «Latsio» va «Fiorentina» V seriyaga surgun qilinadi, ammo apellyatsiyadan keyin jarima ochkolari bilan birga A Seriyada qolishadi. 
- «Yuventus» V seriyaga surgun qilinadi va Chempionlar Ligasidagi o‘rnidan mahrum qilinadi. Ikki chempionlik tortib olinadi. 

2015 yilgi chempionatda «Paxtakor» - «Metallurg» o‘yinida hisobda 0:2 hisobida orqada borayotib, ikki golni penaltidan urib, 3:2 hisobida g‘alaba qozongan, mazkur o‘yinda kelishilganlik alomatlari bo‘lganiga ishora qilingandi. Gap faqat ikkita penalti qo‘ygan hakamda emas, «Metallurg» bosh murabbiyi o‘sha o‘yindan keyin mavsum oxirigacha futboldan chetlatilganini ham eslaymiz. «Paxtakor» haqida esa, O‘FFning o‘sha paytdagi prezidenti Mirabror Usmonov achchiq gaplarni aytgan - «bunday g‘alaba bilan ertaga qaysi yuz bilan chempionlik medalini taqib yurisharkin?».

Usmonov bu masalaga o‘sha mavsum oxirida yana qaytilishini va yana kimdir qattiq jazolanishini va'da bergandi. Keyinchalik, «Paxtakor» chempionlik medalini taqdi, hech kim jazolanmadi, hammasi «unutildi». Aslida nima bo‘lgandi, kim kim bilan kelishgan, kim kimga qo‘ng‘iroq qilgan, hammasi mavhumligicha qolgandi.