«Tribuna» Ispaniya chempionatining 21-turi yakunlarini keltiradi.

La Liga rekordi va penaltisiz 2 yil

Foto: La Liga

«Barselona» kutilmaganda «Alaves»ga qarshi o‘yinda muammolarga duch keldi. Birinchi bo‘limning birinchi qismida gol o‘tkazib yuborgan kataloniyaliklar faqat o‘yinning oxirgi choragida vaziyatni o‘zgartira olishdi. Yana Suares va yana Messi qutqardi. O‘yin avvalida jamoaning sobiq futbolchisi Erik Abidal qo‘lidan La Liganing dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan sovrinni qabul qilib olgan urugvaylik hujumchi qatorasiga sakkizinchi o‘yinda ham gol urdi. Bunday ko‘rsatkich bilan joriy mavsumda Yevropadagi hech bir futbolchi maqtana olmaydi. Argentinalik futbolchi esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda jarima zarbasidan g‘alaba golini urdi. Bu gol uning chempionatning joriy mavsumdagi 20-goliga aylandi. Bu ham La Liga rekordi, shu vaqtgacha hech bir futbolchi qatorasiga 10 mavsumda uzluksiz kamida yigirtmatadan kam gol urmagandi.

Tan olish kerakki, Leoning goli nohaq belgilangan jarima zarbasi orqali ro‘y berdi. Kataloniyaliklar hujum qilayotgan vaqtda Pako Alkaserga qo‘pollik ishlatildi, ammo u to‘p o‘ziga uzatilgan vaqtda ofsayd holatida edi.

Foto: Skrinshot

«Alaves»da hakamga norozilik bildirish uchun yana bir sabab bor - Munirning zarbasidan keyin to‘p jarima maydoni ichida Umtitining qo‘liga tegdi, lekin penalti belgilanmadi.

Foto: Skrinshot

E'tiborli jihati, «Barselona» darvozasiga 74 turdan buyon penalti belgilanmagan, kataloniyaliklar darvozasi tomon oxirgi penalti ikki yil muqaddam, 2016 yilning 14 fevralida qo‘yilgandi.

«Mestalya»dagi parokandalik

Foto: La Liga

Zidanning «Real»dagi taqdiriga oydinlik kiritiladigan «PSJ»ga qarshi o‘yinga ikki hafta qolganida madridliklar jamoani Ispaniya Kubogidan chiqarib yuborgan «Leganes»ga tashakkur bildirsa arziydi. Bu jamoadan mag‘lubiyatdan keyin «Real» o‘ziga keldi va Valensiyada yirik g‘alabaga erishdi. «Real» oxirgi 3 mavsumda «Mestalya»dan g‘alaba bilan qaytmayotgandi. Qolaversa, Ispaniya Kubogidan chiqib ketgan jamoada «PSJ»ga qarshi o‘yinga tayyorlanish uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi.