Bishkek muzlamoqda. Sinoptiklar tomonidan anomal deb baholangan ayozda bishkekliklar xonadoniga issiqlik uzatib turgan shahardagi yagona issiqlik elektr markazi (IEM) vazifasini uddalay olmay qoldi. Ba'zi xonadonlarning ichidagi harorat 9-11 daraja iliqdan ko‘tarilmayapti. Uchinchi sutkadirki, mas'ullar avariya oqibatlarini bataraf etishning uddasidan chiqisholmayapti.
«Ochiq Osiyo onlayn» o‘zining Qirg‘izistondagi hamkori — Kaktus.media tahririyati bilan hodisalar xoronologiyasini tiklab, sovuqqotayotgan shaharliklar va mas'ul amaldorlar bilan gaplashgan.
Nimalar bo‘layapti?
27 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 18.00 da «Elektr stansiyalari» OAJ matbuot kotibi Tagjan Aydaraliyev Bishkek IEMda suv uzatishda nosozlik yuzaga kelganligi tufayli kuchlanish 340 MVtdan 154 MVtgacha tushirilganini e'lon qildi. Bu nima deganini oddiy bishkekliklar unchalik tushunishgani yo‘q. Ularni faqat «Uylarga issiqlik qachon qaytadi?» degan savol qiziqtirardi. Ularga ana-mana deguncha, deb javob berishdi, odamlar tinchlanib, hazil-huzul qilib tarqalishdi.
Biroq shanba kuni ertalab ham vaziyat o‘nglanmadi. Soat 12:00ga kelib shaharliklarga Bishkek hokimi Albek Ibragimov murojaat qilib, ortiqcha elektr uskunalarni qo‘shmaslikni so‘radi. U issiqlik 6-7 soatda qaytishini va'da qildi.
Soat 14:30 da IEM direktori Nurlan O‘murqul o‘g‘li Bishkek IEMda avariya ro‘y bermaganini aytib o‘tdi. U kimyo sexida shtatdan tashqari vaziyat yuz berganini ta'kidlab, muammo 22:00 gacha bartaraf etilishini va'da qildi. Bu qanday shtatdan tashqari vaziyat ekanligini u oddiy iste'molchi tushunadigan qilib ta'riflay olmadi. Biroq modernizatsiya tufayli jiddiy avariyaning oldi olinganini aytib o‘tdi.

1958 yilda ishga tushirilgan, qator yillar modernizatsiya qilib kelingan IEMda nima yuz berganini shaharliklar hozircha bilishmaydi. Shahar osmonida smogning ko‘payganligini ular yangi uskunalarning ishga tushirilishi bilan bog‘liq, deb o‘ylashdi.
Shanba kuni mulozimlar kechgacha issiqlik uzatilishini va'da qilishdi. Yakshanba kuni ular butunlay aloqaga chiqmay qo‘yishdi. Milliy energiya xoldingi rahbari Oybek Kaliyev qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi, «Bishkekteploset» direktori Erkin Abdixaliqov izohlashdan o‘zini tortdi va vaziyat bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lmagan matbuot kotibiga ro‘para qildi.









