Bugun AQSh Moliya vazirligi Kongressga 210 rossiyalikdan iborat «Kreml ma'ruzasi»ni taqdim etdi. Amerika hukumati fikricha, ushbu shaxslar Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarga ega hisoblanadi. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan shaxslarga nisbatan kelajakda AQSh tomonidan turli cheklovlar va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Hozircha ushbu ro‘yxat butun dunyodagi moliya tashkilotlari uchun tavsiyaviy xarakter kasb etadi — ular ushbu ro‘yxatdan o‘z qarorlarini qabul qilishda foydalanishi mumkin. Rossiya tomoni AQShning bu xatti-harakatlarini 2018 yilda kutilayotgan «prezident sayloviga xalal berishga urinish» deb baholamoqda. Ro‘yxat o‘tgan yilning yozidayoq tuzib bo‘lingandi, shu tufayli buni AQSh va Rossiya munosabatlaridagi yangi qadam, deb ham bo‘lmaydi.
Ro‘yxatda 200dan ortiq nom
Hujjat 114 nafar yirik mansabdor va davlat kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, 96 nafar oligarxni qamragan. Ro‘yxatda nomi qayd etilgan amaldorlar orasida prezident ma'muriyati rahbari Anton Vayno, uning birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov, prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, prezident maslahatchilari Andrey Belousov, Vladislav Surkov, Yuriy Ushakov, Andrey Fursenko, German Klimenko ham bor. Rossiya prezidentining tadbirkorlar huquqi bo‘yicha vakili Boris Titov va inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Yevgeniy Fedotov ham «Kreml ma'ruzasi»da.
Ro‘yxatga Rossiya hukumati to‘liq tarkibda kirgan
Bosh vazir Dmitriy Medvedev, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalov, bosh vazir o‘rinbosarlari Aleksandr Xloponin, Vitaliy Mutko, Arkadiy Dvorkovich, Olga Golodets, Dmitriy Kozak va Dmitriy Rogozin — ularning barchasi ma'ruza ro‘yxatida. Shuningdek, barcha federal vazirlar, iqtisodiy rivojlanish vaziridan tortib Sport vazirigacha bo‘lgan 22 vazir ushbu ro‘yxatda (Maksim Oreshkin, Mixail Abizov, Olga Vasileva, Aleksandr Galushka, Sergey Donskoy, Aleksandr Kolokolsev, Aleksandr Konovalov, Lev Kuznetsov, Sergey Lavrov, Denis Manturov, Vladimir Medinskiy, Mixail Men, Nikolay Nikiforov, Aleksandr Novak, Vladimir Puchkov, Anton Siluanov, Veronika Skvorsova, Maksim Sokolov, Aleksandr Tkachev, Maksim Topilin, Sergey Shoygu va Pavel Kolobkov). Federal vazirlardan tashqari ushbu ro‘yxatga quyidagilar kirgan: Federatsiya kengashi rahbari Valentina Matviyenko, Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin, Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, prezidentning ekologiya bo‘yicha maxsus vakili Sergey Ivanov, Rossiya xavfsizlik kengashi (Sovbez) kotibi Nikolay Patrushev, Sankt-Peterburg meri Georgiy Poltavchenko, Moskva meri Sergey Sobyanin, Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov, FSB rahbari Aleksandr Bortnikov, bosh prokuror Yuriy Chayka va boshqalar.




