O‘zbekiston | 11:10 / 31.01.2018
31714
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston bilan chegara masalasi muhokama qilindi

Foto: News.tj

O‘zbekiston va Tojikiston mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasidan o‘tish chizig‘ini muhokama qildi, deb xabar bermoqda tojik telegraf agentligi.

«So‘g‘d viloyatining Guliston shahrida Tojikiston va O‘zbekiston hukumat delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya hamda demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha topografik ishchi guruhlari uchrashuvi yakunlandi.

24-29 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tojik-o‘zbek davlat chegarasining qolgan uchastkalarida chiziqdan o‘tish bo‘yicha tegishli masalalar muhokama qilindi», - deya xabar bergan Tojikiston tashqi siyosat idorasi axborot departamenti. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonnoma imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2002 yilga qadar tomonlar chegaraning 84 foizlik qismini aniqlashtirishdi, o‘sha yilning oktabrida davlat rahbarlari tojik-o‘zbek davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi. Chegaraning qolgan 16 foizlik bahsli qismi bo‘yicha masalalarni 2012 yilning fevralidagi muzokaralarda hal qilish rejalashtirilgandi. Chegaraning asosiy bahsli uchastkalaridan biri Tojikiston hududida joylashgan Farhod to‘g‘oni sanaladi, u o‘tgan asrning 40-yillarida qurilgan. Biroq 6 yil avval tomonlarning uch kunlik yig‘ilishi natija bermagan.

Tojikiston Yer resurslari va geodeziya bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, tojik-o‘zbek chegarasining uzunligi 1332 km.ga teng. Umumiy uzunlikdan 105 kilometri daryo orqali o‘tsa, quruqlikdagisi - 1227 km.

Uzunligi taxminan 1240 km bo‘lgan umumiy chegaraning delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha kelishuv muvofiqlashtirilgan, imzolangan va ratifikatsiya qilingan. Tojik-o‘zbek chegarasining taxminan 93 kilometri bahsli bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid