«Tribuna» Angliya chempionatining 25-turidagi asosiy voqealarga to‘xtaladi.

Odatiy har qanday ligada peshqadamning «Manchester Siti» kabi ustunlikka ega bo‘lishi, intrigani ham, qiziqishni ham tushirib yuborishi tayin, ammo boshqa top-klublarning yanvar oyida transfer bozoridagi harakatlarini ko‘rib, mavsum endi boshlanayotganini his qilish mumkin. Sababini, kechagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Antonio Konte ham aytdi, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlarni egallash jamoa uchun muvaffaqiyat sanalar ekan.

Angliyada aynan Konte kabi fikrlayotgan yana besh murabbiy bor va ular mag‘lub bo‘lmoqchi emas. «Arsenal» «Yunayted»ga ketgan Sanchesning o‘rniga Obemeyang, Mxitaryan kabi bir qator e'tiborli transferlarni amalga oshirdi, O‘zil bilan yangi shartnoma imzoladi. «Tottenhem»ning kechagi dahshatli o‘yiniga Lukas Mourani ham qo‘shing. «Chelsi» Barkli, Jiru va Emersonni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi, «Liverpul» Virjiyl van Deykni rekord summaga sotib oldi.  Bunday o‘zgarishlar hatto yozgi transfer darichasi uchun ham ko‘plik qiladi, ishonavering.

Boshi-yu oxirini atigi 5 ochko ajratib turgan 4 jamoa uch o‘rin uchun kurashadi va tabiiyki, «Arsenal» ham iddaosidan voz kechgani yo‘q. Ana endi, eng qizig‘i boshlanyapti.   

AUTSAYDeR KIM?

Foto: Premer liga

Ushbu mavsum chempioni turdan turga naqadar aniqlashib borayotgan bo‘lsa, autsayder masalasida barchasi chigal. Mavsum davomida hech qaysi klubni ligani tark etishi mumkin bo‘lgan yaqqol da'vogar sifatida ko‘rsatib bo‘lmaydi.  20-turdan keyin qizil zonada qolgan «Suonsi» va «Bornmut»ning ahvoli u qadar yaxshi emasdek tuyulgandi. Endichi?

«Suonsi» keyingi besh turda 10 ochko jamg‘ardi va so‘nggi o‘rinni tark etdi. «Bornmut» esa, qatorasiga besh o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti. Bu natijalar go‘yoki, juda imkonsiz tuyulgan taqvim ostida ro‘y berayotganini ta'kidlash kerak – «Suonsi» o‘z maydonida qatorasiga ikki o‘yinda, «Liverpul» va «Arsenal» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Bornmut» ham «Arsenal»ni, ham «Chelsi»ni mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.

Hozirda so‘nggi o‘rinda borayotgan «Vest Bromvich»ning Angliya kubogida Liverpulda g‘alaba qozonganini ham e'tiborga olsak, potensial jihatidan ligada yaqqol autsayderning yo‘qligini tan olishga majburmiz.

Endilikda, turnir jadvalining ikkinchi yarmida borayotgan 11 klubning barchasi o‘zini bemalol his qila olmaydi. Axir 11-o‘rindagi «Uotford»ni xavfli zonadan atigi 4 ochkolik farq ajratib turibdi xolos.