Jamiyat | 19:00 / 01.02.2018
240436
6 daqiqa o‘qiladi

Munajjim, folbin va jinlar haqida 7 haqiqat  

Foto: O‘zbekiston musulmonlar idorasi

Sir emaski, har bir xalqda, har bir elatda o‘ziga xos irimlar bor. Ular asrlar osha odamlar shuuriga joylashib, haqiqat tusini olgan. Bu borada o‘zbek xalqi ham “boy xazina”ga ega. Ayniqsa, munajjimlar, folbinlar, jin chalishlar, issiq-sovuq masalalaridagi qarashlarimiz haqiqat va yolg‘onga qorishiq bo‘lib ketgan. O‘zbekiston musulmonlar idorasi mana shu masalalar yuzasidan fuqarolar tomonidan yo‘llangan savollarga Qur'on oyatlari va hadislar misolida aniq ma'lumotlar keltiradi va ayni haqiqatni bayon etadi.

1-haqiqat. Munajjimlar tug‘ilgan oy, kun bashoratiga, folbinlar so‘ziga ishongan kishi gunohkor bo‘ladi 

Munajjimlar g‘aybni bilishni da'vo qilishadi. G‘ayb ilmi faqat Alloh taologa xosdir: 

“(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas” (Jin surasi, 26). 

Hadisi sharifda: “Kimki bashoratchi yoki folbinning oldiga borsa va u aytgan narsani tasdiqlasa, shubhasiz, u Muhammad (alayhissalom)ga tushgan narsaga kufr keltiribdi”, deyilgan (Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).

2-haqiqat. Fol ko‘ruvchilar jinlar bilan ishlaydi

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Folbinlarning ba'zida haq gapni aytib qolishlarining sababi shuki, jin gaplarni o‘g‘rincha olib, folbinning qulog‘iga quyadi. Fol ko‘ruvchi unga yuzta yolg‘on aralashtirib gapiradi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Folbinlarning gaplariga ishonish kufrdir (Alloh asrasin).

3-haqiqat. Duoxonlarga borib “isitish” yo‘li bilan muhabbatga erishish mumkin emas

Isitish, sovutish, fol Islom dinida harom qilingan amallardandir.

Kim isitsam falonchi meni yaxshi ko‘rib qoladi, deb o‘ylaydigan bo‘lsa xato qiladi. Mehr-muhabbatga isitish bilan emas, balki Alloh taolodan qo‘rqish bilan erishiladi (“Ravoi'ul bayon”, “Naf'ul muftiy”).

4-haqiqat. Jinlar qasos oladi va ular ta'siridan saqlanish mumkin

Jinlarni insonlar ko‘ra olmaydi. Chunki ular juda latif va tezda o‘zgara olish qobiliyatiga egadir. Kishi bilmagan holida qaynoq suv sepib yuborib, bavl qilib va hokazo ishlar bilan ularga ozor yetkazganida jinlar unga zarar berish bilan intiqom oladi.

Jinlardan saqlanishning yo‘li ehtiyotkorlikdir. Ular ko‘pincha shomdan keyin, ya'ni qorong‘i tushayotgan mahalda chiqishadi, najosat, axlatxonalarda oziqlanadi. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Xuftonda idishlarning ustini yopib, meshlar og‘zini bog‘lab, eshiklarni tambalab va bolalaringizni (uyda mahkam) ushlab o‘tiringiz, chunki (shu vaqtda) jinlar atrofga tarqalishadi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shayx Abu Bakr Jazoiriy aytadi: “Agar Alloh taolo insonni saqlash uchun vakil qilgan farishtalar bo‘lmaganida edi, jin va shaytonlarning yomonligidan hech bir inson najot topmasdi”.

5-haqiqat. Sehr-jodu va duoxonlik shariatga zid

Alloh taolo bunday ogohlantirgan:

“Yana (ular) Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o‘qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir edi. (Ikki farishta): “biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma”, deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas) o‘zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta'lim olar edilar. Uni (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!” (Baqara, 102).

Ammo Qur'oni karim shifo, uni o‘qib dam solish mumkin. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nabiralari Hasan va Husaynlar (roziyallohu anhumo)ga Qur'on o‘qib dam solganlari haqida rivoyatlar bor.

6-haqiqat. Shom payti jin va shaytonlar tarqaladigan payt.

Avvalo, dinimiz ayollarni ko‘chada maqsadsiz gap sotib o‘tirish u yoqda tursin, zaruratsiz ko‘chaga chiqishdan ham qaytarganini aytib o‘tish kerak. Undan keyin, shom mahali jin va shaytonlar izg‘ib yurishi ham hadisi shariflarda bayon qilingan. Bolalarning injiq bo‘lib qolishi, uyqusida bosinqirashiga ham ana shu payt ko‘chada yurishi sabab bo‘ladi. Shu bois bu kabi behuda odatlarga barham berib, o‘lchovli vaqtimizdan unumli foydalanish payida bo‘lishimiz kerak.

7-haqiqat. Biror bir insonga folbinlikni olishni da'vo qilishsa, u qabul qilishdan bosh tortishi kerak.

“Folbinlikni bo‘yningga ol”, deb biror kishiga aytilsa, u odam bu ish musulmonning ishi emasligini bilib turib, bo‘yniga olishni rad qilsa, savob oladi. Harom ishni qilishga ko‘nmagan bo‘ladi. U narsalardan saqlanish uchun doim Qur'on o‘qib, o‘ziga dam solib yurishi kerak. Allohdan shu kabi narsalardan panoh so‘rashi lozim.

Mavzuga oid