31 yanvar kuni qishki transferlar darichasi yopildi. Dedlayn arafasida jamoalar kutilgan va kutilmagan transferlarni amalga oshirishdi. Doimgidek bu safar ham ingliz klublari faollik ko‘rsatishdi.

Dedlaynning asosiy transferlari:
1. Per-Emerik Obameyang. «Borussiya»dan «Arsenal»ga 63 mln yevro evaziga;
2. Olive Jiru. «Arsenal»dan «Chelsi»ga 20 mln yevro evaziga;
3. Lukas Moura. «PSJ»dan «Tottenhem»ga 28,4 mln yevro evaziga;
4. Mishi Batshuayi. «Chelsi»dan «Borussiya»ga mavsum oxirigacha ijaraga (1,5 mln yevro);
5. Mark Bartra. «Borussiya»dan «Betis»ga 10,5 mln yevro evaziga;
6. Eliakim Mangalya. «Manchester Siti»dan «Everton»ga mavsum oxirigacha ijaraga;
7. Islam Slimani. «Lester»dan «Nyukasl»ga ijaraga;
8. Andre Ayyu. «Vest Hem»dan «Suonsi»ga 22,8 mln yevro evaziga;
9. Papa Ndiayye. «Galatasaroy»dan «Stok Siti»ga 16 mln yevro evaziga;
10. Sofyan Xanni. «Anderlext»dan «Spartak»ka 8 mln yevro evaziga.

Per-Emerik Obameyang «Arsenal»ga: ko‘rinishidan, «Arsenal» ushbu transferni rejalashtirmagandi, ammo hujumda supertop juftlik hosil qilish rejasi o‘ta jozibali chiqib qoldi. Aslida bunday yo‘l tutish – arsenalcha emas. Lekin endi «Arsenal»da van Persining gullagan davrlaridan beri ilk marta hujum chizig‘i vahimali ko‘rinish olmoqda.

Foto: Arsenal

Lekin bir jihati borki, Obameyang «Arsenal»ga Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun yagona imkonga aylanayotgan Yevropa Ligasi o‘yinlarida qatnasha olmaydi. Venger turnirga Genrix Mxitaryanni zayavka qilishga qaror qilgan (u joriy mavsumda yevrokuboklarda o‘ynab qo‘ygan ikki futbolchidan faqat birinigina turnirga zayavka qilishi mumkin edi).