Jahon | 15:00 / 01.02.2018
17019
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda benzin 50 foizga qimmatlashdi

Turkmanistonda benzin 1 fevraldan 50 foizga qimmatlashdi. Endilikda 95-benzinning bir litri 1,5 manat turadi (bunga qadar – 1 manat), 92 esa – 1,35 manat. Bu haqda RIA Novosti xabar tarqatgan.

Mamlakatdagi rasmiy ayirboshlash kursi – 1 dollar uchun 3,5 manat.

Turkmanistonda benzin hattoki 50 foizga qimmatlashgani bilan ham MDHdagi eng arzonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalan, rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha 95-benzin litri taxminan 42 sent, 92 litri esa – taxminan 38 sent turadi.

Turkmaniston uzoq yillar davomida jahondagi benzin narxi eng arzon bo‘lgan davlatlardan biri edi. Mamlakat birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov davrida benzin, dollarga hisoblaganda, bir litr uchun 2 sent turgan.

Keyingi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 2007 yilda hokimiyat tepasiga kelib, bu borada qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. 2008 yilda turkman haydovchilari uchun bepul benzin limitlari joriy etildi. Bundan tashqari, mamlakatda benzin uchun narx juda arzon bo‘lgan, har bir avtomashina egasi davlatdan oyiga 120 litr benzinni bepul olgan. Bepul benzin davri olti yil davom etdi hamda 2014 yilda bekor qilindi.

Mavzuga oid