Jamiyat | 15:57 / 03.02.2018
42568
4 daqiqa o‘qiladi

Otasi tufayli uyidan quvilgan farzandlar kimga murojaat qilsin?​

​Otalar borki, qora qozonni qaynatish uchun o‘zga yurtga borib bo‘lsa-da, oilasi uchun jon fido qiladi. Yana shunday otalar borki, Alloh bergan ne'mat - farzand, oila va juft halolini boshpanasiz qoldirishga ham rozi. Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan shahrisabzlik ayol boshidan kechirayotganlarini hikoya qilib berdi.

«Hammasi risoladagidek: biz oilamiz bilan ahil edik. Kamchilik yo g‘amni Yaratganning tuhfasi, deb bildik. 1994 yildan buyon Shahrisabz tumani Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan 36-uyda yashab kelamiz. Yashab turgan xonadonimizni birga barpo etdik, er-xotin bir tan, bir jon bo‘lib mehnat qildik, bolalarni ulg‘aytirdik», deydi Gulshan Muxtorova.

Oiladagi kelishmovchilik borgan sari jiddiy tus olib, er-xotinning ajralishiga sabab bo‘ldi. Hamma g‘avg‘o shu lahzada boshlangan, ya'ni Gulshanning sobiq turmush o‘rtog‘i Ilhom Buxariyev marhum otasi Narzulla bobo nomidagi yerni farzandlarining onasiga qoldirishni istamadi. Garchi, oila mana shu xonadonda 10 yildan ortiq vaqt mobaynida yashab kelganiga qaramay, uy rasman Gulshanning qaynotasiga tegishli edi.

«Turmush o‘rtog‘im shunda akasining foydasiga merosdan voz kechdimi, bilmayman, uy qaynog‘amga tegishli bo‘lib qoldi. Shavkat Buxariyev (qaynog‘a - tahr.) esa o‘z vaqtida uyni Rafiqa G‘aniyevaga sotib yubordi. Shuning bilan biz yashab turgan uy hujjatlarga ko‘ra o‘zganing mulkiga aylandi», deb ma'yus tortdi ayol.

Ma'lum qilinishicha, 2007 yil 4 iyun kuni G.Muxtorova va I.Buxariyev o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilgan bo‘lib, unda Ilhom sobiq turmush o‘rtog‘i va farzandlarini uy-joy bilan ta'minlash majburiyati ta'kidlangan. 2013 yil 11 aprelda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudi tomonidan mazkur ish yuzasidan ajrim qabul qilingan. Unga ko‘ra, kelishuv bitimida nazarda tutilgan bandlarni amalga oshirish uchun majburiy ijroga qaratilgan.

Nizoli uy-joy Rafiqa G‘aniyeva nomiga rasmiylashtirilgani, uning sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilgani tufayli, Gulshan yashab kelayotgan xonadonidan majburiy tartibda ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Falakning gardishi bilan Majburiy ijro byurosi xodimlari ikki xil talabni amalga oshirishi lozim: 1) Gulshan Muxtorovani uydan majburiy ko‘chirish; 2) kelishuv bitimiga ko‘ra, Ilhom Buxariyev oilasini uy-joy bilan ta'minlash talabi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mazkur holat yuzasidan jonli izoh berishni istamadi, yozma izohda ham hech qanday jo‘yali gap yo‘q.

Bizni o‘ylantirgan masala shundaki, uy-joy bilan ta'minlashni zimmasiga olgan ota meros mulkni akasining foydasiga voz kechishi, uyni yana boshqa odamga sotib, oilasini boshpanasidan «quvishi» insofdanmi? MIB xodimlari esa ayol va bolalarni uydan haydab solishi oson, «uy olib berishni istagan Buxariyev taklifiga Gulshan rozi emas», degan vajni ilgari surib, Ilhom Buxariyevdan uyni undirib olish qiyinmi? Qonunlarimiz ijtimoiy adolatni ta'minlab bera olmasa, deputatlar har kuni nimalarni muhokama qiladi? Biz mutasaddi vakillardan bir ayol misolida yuzaga chiqqan masalaga e'tibor qaratib, «o‘rnatilgan tartiblarni» qayta ko‘rib chiqishlarini so‘raymiz.

Mavzuga oid