O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta'minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Keyingi yillarda respublikada shaharsozlikni takomillashtirish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Zamonaviy ijtimoiy obektlar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta'minlagan holda aholi farovonligi darajasini oshirish, arzon va ayni vaqtda qulay hamda shinam uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasidagi ishlar shaharlar va qishloq aholi punktlarining arxitektura qiyofasida sezilarli o‘zgarishlar yasamoqda.
Shu bilan birgalikda zamonaviy binolar, inshootlar, ko‘p funksiyali komplekslarni barpo etishgagina emas, balki aholi punktlarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ko‘maklashuvchi yangi istirohat bog‘lari, xiyobonlar, suv havzalari va sport inshootlari bilan birgalikda rekreatsiya zonalarini barpo etishga va mavjudlarini obodonlashtirishga katta e'tibor berilmoqda.
Rivojlanishning bosh rejalarini ishlab chiqish jarayoni hududlarni rejali va bosqichma-bosqich qurishning asosi hisoblanadi.
Ushbu omil hisobga olingan holda quyidagi choralar ko‘rildi:
birinchidan, maqsadli davlat dasturlariga muvofiq 96 ta shahar va 87 ta shahar posyolkalari uchun bosh rejalar ishlab chiqildi hamda 550 ta qishloq (ovul) fuqarolar yig‘inlari uchun hududlarni me'moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari tayyorlandi;
ikkinchidan, bosh rejalarni sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqishni ta'minlash maqsadida respublika hududlarida qo‘shimcha ravishda 26 ta yetakchi loyiha-qidiruv tashkiloti hamda “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasining 12 ta filiali tashkil etildi, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga jalb etilgan bosh loyiha tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish choralari belgilandi.
Shu bilan birgalikda shahar va qishloq aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta'minlash bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralar tomonidan ko‘rilgan choralar yetarli bo‘lmaganligi sababli 23 ta shahar, 994 ta shahar posyolkasi va 922 ta qishloq aholi yashash joylari tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga ega emas.
Loyiha tashkilotlarining zamonaviy texnik vositalar, ilg‘or innovatsion dasturiy mahsulotlar va zarur axborot bazasi bilan yetarlicha ta'minlanmaganligi loyiha mahsulotining sifati pasayishiga va ishlab chiqish muddatlari cho‘zilishiga olib kelmoqda. Xorijiy tajribani o‘rganishda va kadrlarni tayyorlash jarayonida tizim yo‘qligi ham loyiha-qidiruv ishlarining sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

















