Angliya chempionatining 26-turida «Liverpul» va «Tottenhem» o‘zaro durang o‘ynadi (2:2). «Tribuna» tezkorlik va dramatikligi jihatidan mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan biriga aylangan bu bahs haqida to‘xtaladi.

«Liverpul» va Yurgen Kloppning katta klublardagi o‘yinlari – alohida va romantik tarix. «Suonsi» yoki «Bornmut» mersisaydliklar jamoasining mudofaasini chilparchin qilishi mumkin, «Manchester Siti» yoki «Arsenal» esa bu jamoaning pressingi ostida chilparchin bo‘ladi. Shu tufayli «APL Robin Gudi»ning «Tottenhem»ga qarshi o‘yini katta ishtiyoq bilan kutilgandi. Bu o‘yin ishonchlarni oqladi.

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun raqobat

Bu o‘yin Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun da'vogarlik qilayotgan ikki klub qarama-qarshiligi sifatida ham ahamiyatli edi. Bu o‘yindan oldin «Liverpul» «Haddersfild» maydonidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi, «Tottenhem» esa «Uembli»da «MYu»ni ojiz qoldirdi (2:0). Bu jamoalarning kuchli to‘rtlik uchun raqiblari uchrashuv durang natija bilan tugashiga xayrixoh edi, lekin oxirgi 3 haftada 6 ochko yo‘qotgan «Liverpul»ni ham beshinchi o‘rinda qolayotgan «Tottenhem»ni ham durang hisob qoniqtirmasdi.

«Tottenhem»da kuchli oltilik jamoalariga qarshi o‘yinlardagi statistika juda yomon. Shu tufayli ham Maurisio Pochettino jamoasi sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsada, chempionlikka erisha olmayapti. O‘tgan mavsumlarda 5, 3 va 2-o‘rinlar egallandi. Bu mavsumda ham birinchi o‘rin bo‘lmasligi kundek ravshan.

«Liverpul» bu mavsumda ham barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti, bu Yurgen Kloppning o‘yin uslubi oqibatlari. Jamoa katta o‘yinlarda katta kuch sarflab qo‘yadi va toliqqan futbolchilar kuchsiz jamoalarga yengilib beradi. «Liverpul» ham, «Tottenhem» ham Chempionlar ligasi guruh bosqichini ajoyib o‘tkazdi, umuman, ingliz jamoalarining barcha 5 jamoasi guruhdan chiqdi, pley-offda «Liverpul»ga oson raqib tushgan, Klopp shogirdlaridan «Portu» qarshiligini sindirish talab etiladi, «Tottenhem» esa YeChLda keyingi mavsumlarda favorit hisoblanadigan «Yuventus»ga qarshilik qilishi kerak.

Bombardirlar dueli

Bu o‘yin arafasida ikki jamoaning asosiy hujumchilari Muhammad Saloh va Harri Keynga e'tibor qaratildi. Bu o‘yingacha Keyn hisobida 21ta, Saloh hisobida 19ta gol bor va bu ikki futbolchi Angliya chempionati to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turgandi. Birinchi davrada, Londonda kechgan bahsda mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozongan, Key 2ta, Saloh bitta gol urgandi. Endi Saloh o‘z jamoasi maydonida kechadigan o‘yinda munosib javob qaytarishi kerak edi va shunday ham bo‘ldi. Barcha bu ikki hujumchini solishtirayotganda Klopp e'tiborni chalg‘itmoqchi bo‘ldi: «Angliyada to‘p surayotgan hujumlardan ikkisini, Keyn va Firminoni bir-biriga o‘xshataman. Keyn ko‘proq «to‘qqizlik» hujumchi va «o‘nlik» sifatida ham o‘ynay oladi, Firmino ko‘proq «o‘nlik» hujumchi va «to‘qqiz»lik vazifasini ham yaxshi bajaradi».