Jahon | 12:44 / 05.02.2018
17413
4 daqiqa o‘qiladi

Tog‘ay Murod kitoblari nega chop etilmayapti?

- Bizda mayin-muloyim adabiyotlar bor, mayin-muloyim yozadigan yozuvchilar bor. Ular ham yaxshi, ammo Tog‘ay Murod bilan solishtirsangiz... U To‘palangdaryoday jo‘shqin yozuvchi edi. U jahon adabiyotini ham, folklorni ham yaxshi bilardi. Ammo jahon adabiyotida ham bunaqa jo‘shqinlik yo‘q. Unda Ergash Jumanbulbul va Abdulla Qodiriy fel'yetonlari uslubi bor edi. U Jyeyms Joysni tarjima qilishni orzu qilardi, - deya fikr bildirayotgan adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov yozuvchining rafiqasi Ma'suma Ahmedovaga yuzlandi. – Men yolg‘on gapirmayapmanmi, Ma'sumaxon? Yozuvchining rafiqasi tasdiq ma'nosida bosh irg‘ab, “To‘g‘ri” deb qo‘ydi. Shundan so‘ng notiq so‘zida davom etdi: Ammo aytish kerakki, odam sifatida juda noqobil edi. Bitta gap ko‘p, yarimta gap kam. 

Davrada gurros kulgi ko‘tarildi. Olim yana so‘zida davom etdi: -U maydonga tushdi, maydonning egasi bo‘ldiyu, ammo o‘z tabiatini yenga olmadi. U haqparvar inson edi. 2012 yilda Tog‘ay Murodning to‘rt jildlik saylanmasini tayyorlab, nashriyotga topshirgan edik. O‘sha yili ikki jildi chop etildi. Ammo, afsuski, mana, olti yildan buyon qolgan ikki jildi nashr etilmayapti. Qog‘oz yo‘q... Bu orada qancha kitoblar chiqdi, chiqib yo‘q bo‘lib ham ketdi. Tog‘ay Murodning ulug‘ kitoblari-ya, odamlar kutib, o‘qiydigan kitoblar... Bir mard topilmaydi ularni chiqaradigan. 

Bu Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod tavalludining yetmish yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan adabiy kechadan lavha edi. Adabiy kechada taniqli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar, chet ellik tarjimonlar, adib ijodining muxlislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. 

Anchadan buyon adabiy kechalarda kuzatilmayotgan bir holat diqqatimni tortdi. Kutubxona zali Tog‘ay Murod muxlislari bilan to‘lgan. Yana ko‘plar tik oyoqda turib, anjumanni kuzatishdi. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn instituti talabalari, yosh rassomlar Abbos Tuyoqov, Jo‘rabek Boqiyev, No‘mon Nurmatovlar tadbir davomida yozuvchining portretini chizib, suratlarni adabiy kecha nihoyasida sevimli adibimizning rafiqasi Ma'suma Ahmedovaga sovg‘a qilishdi.

Shu o‘rinda bir xushxabar: tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari Tog‘ay Murodning barcha asarlari to‘plangan bir kitob tayyorlanayotgani, yaqin kunlarda nashr etilajagini ma'lum qildi. “Arslon izidan,  yigit so‘zidan qaytmaydi” deganlaridek, umid qilamizki, yozuvchilar uyushmasi bu niyatidan qaytmaydi. Qolaversa, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi joylashgan so‘lim bog‘da barcha asarlarida oddiy xalq orzu-umidlarini yozgan, yozganda ham ro‘y-rost yoza olgan haqparvar yozuvchimiz Tog‘ay Murodning ham haykali o‘rnatilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Zotan, yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, xalq o‘z yozuvchisini tanisin.

Mavzuga oid