Sport | 11:10 / 05.02.2018
25614
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbek Tigers Kubaga jo‘nab ketdi

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

10 fevral kuni WSB musobaqasidagi uchinchi ishtirokini boshlaydigan Uzbek Tigers boks jamoasi Kubaga yo‘l oldi. O‘zbekiston boks federatsiyasi ma'lumot berishicha, o‘zbekistonlik bokschilar bugun — 5 fevral tongida Moskva orqali Kubaga uchishgan.

Cuba Domadores jamoasiga qarshi janglar uchun yoshartirilgan jamoaga To‘lqin Qilichev va Ravshan Xo‘jayev boshchilik qilmoqda.

Uzbek Tigers tarkibi bu mavsumda ancha yoshargan. Avvalgi mavsumlarda, Rio Olimpiadasida, keyin esa Osiyo va jahon chempionatlarida o‘zini ko‘rsatgan nomlar, Fazliddin G‘oibnazarov, Shahram G‘iyosov, Murod Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov kabi sportchilar professional boksga o‘tishgan. Ular safiga Elnur Abduraimov ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Kubaga yo‘l olgan tarkib a'zolari orasida bitta Bahodir Jalolov nomi boks muxlislariga tanish. Xudoynazar Fayzov va Shunqor Abdurasulov India Open’da sovrindor bo‘lishgan.

Uzbek Tigers
-52 kg: Xudoynazar Fayzov
-60 kg: Shunqor Abdurasulov
-69 kg: Mahmud G‘oipov
-81 kg: Madiyor Saidrahimov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Cuba Domadores klubiga qarshi jang 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Uzbek Tigers hozirgacha mazkur jamoa bilan ketma-ket ikki mavsum to‘qnash kelgan, ikki safar ham umumiy hisobda mag‘lub bo‘lgan.

Kubaliklarga qarshi javob janglari Termizda fevral oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Uy uchrashuvlariga quyidagi tarkib tanlangan:
Uzbek Tigers
-49 kg: Hasanboy Do‘stmatov
-56 kg: Shahobiddin Zoirov
-64 kg: Iqbol Xoldorov
-75 kg: Isroil Madrimov
-91 kg: Sanjar Tursunov

Jasur Latipov va Bektemir Meliqo‘ziyev jarohat tufayli bu janglarda qatnasha olmaydi.

Mavzuga oid