O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 fevral kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Xalq salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta'minlash Prezidentning doimiy e'tiborida bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili bu masalalarga bag‘ishlab bir necha yig‘ilish o‘tkazildi. Davlat rahbari mamlakat hududlariga tashrifi chog‘ida sohadagi ahvol bilan bevosita tanishdi. Tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.
Aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentning 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Shu kabi tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. 2017 yili 1,6 milliard shartli qadoqda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarildi. Bu 2016 yilga nisbatan 34 foiz ko‘pdir.
Shuningdek, o‘tgan yili sohada 398 million dollarlik 71ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, shundan 148 million dollarlik 33ta obekt ishga tushirildi. 76 nomdagi yangi mahsulot o‘zlashtirildi.
Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda sohadagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarli emasligi ta'kidlandi.
«Farmatsevtika korxonalarining aksariyatida zamonaviy texnologiyalar umuman qo‘llanilmaydi, dori substansiyalari ishlab chiqarishga umuman e'tibor yo‘q. Korxonalar to‘liq siklda mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish o‘rniga, hali ham asosan xorijdan tayyor mahsulotlarni olib kelib, qadoqlash bilan shug‘ullanayapti», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari keltirilgan xabarda.
Yig‘ilishda mavjud 94ta korxonadan 12tasigina mahsulotining boshqa davlatlarda tan olinishini ta'minlaydigan GMP - «yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti» xalqaro sertifikatiga egaligi ta'kidlandi.
«Buni kengaytirish bo‘yicha tarmoq rahbariyatida tashabbus yetishmayapti. Oddiy misol, yillar davomida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashga umuman e'tibor berilmagan. O‘tgan yil oxirida Qoraqalpog‘istonga tashrif davomida topshiriq berilganidan keyingina Qizilmiya yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar uyushmasi tuzildi», deyilgan xabarda.

















