FIFA rasmiy homiysi sanalgan Coca Cola kompaniyasi tashabbusi bilan Jahon chempionati bosh sovrini jahon kubogi 6 fevral kuni Toshkentga olib kelindi.
Kubokni FIFAning elchisi, 1998 yilgi jahon chempioni bo‘lgan fransiyalik Kristian Karambyo boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga olib keldi.

Kunning birinchi qismida delegatsiya a'zolari va O‘zbekiston vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirildi. Anjumanda Sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Coca Cola vakili Aleksandra Akkirman, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, FIFA elchisi Kristian Karambyo, va Coca Colaning O‘rta Osiyo hududlari bo‘yicha rahbari Yevgeniya Stoichkova ishtirok etdi.
Matbuot anjumani boshida O‘FA 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov so‘z oldi: «Bugun O‘zbekistonda tarixiy voqea kuzatilmoqda. Jahon kubogi ilk marta O‘zbekistonga olib kelindi. Umid qilamizki O‘zbekiston terma jamoasi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadi. Qachonlardir terma jamoamiz ushbu kubokni yutib uni O‘zbekistonda olib qoladi deb umid qilamiz».

Shundan so‘ng Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov so‘zl oldi: «Jahon kubogini qabul qilish va Jahon chempionini kutib olish O‘zbekiston uchun juda katta sharaf. Bu tadbirga qiziqish katta ekanligini ko‘plab OAV vakillari bu yerda ishtirok etayotganidan ham bilib olishimiz mumkin. Barchangizni mana shunday bayramda ishtirok etayotganingiz bilan tabriklayman va mehmonlarimizga Toshkentga xush kelibsiz deyman».

O‘zbekiston vakillaridan so‘ng FIFA elchisi, jahon va Yevropa chempioni Kristian Karambyo so‘z oldi va o‘z tilaklarini ham bildirdi: «Jahon chempionati kubogini O‘zbekistonga olib kelganimizdan xursandman. Bu voqea futbol muxlislari uchun haqiqiy bayram hisoblanishi aniq. Bizni bu yerda kutib olgan barchaga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Shu o‘rinda O‘zbekiston U-23 terma jamoasini Osiyo chempionatida qozongan g‘alabasi bilan tabriklashni istardim. Aynan shu yutuq O‘zbekistonning kelajakdagi natijalariga katta umid bag‘ishlashi tayin. Umid qilamanki, O‘zbekiston terma jamoasi keyingi Jahon chempionatlarida ishtirok etadi. Bu yo‘lda ularga omad tilayman».





















