6 fevralda Space X kompaniyasi dunyodagi eng og‘ir raketa-tashuvchi Falcon Heavy raketasining ilk parvozini amalga oshirdi. Raketa bortiga kompaniya rahbari Ilon Maskning qizil rangdagi Tesla Roadster mashinasi joylashtirildi.
Parvoz muvaffaqiyatli o‘tdi, deb tan olindi. Raketaning ikki yon tezlashtirgichi va ikkita ilk pog‘onalari ajralib, Yerga qaytarildi. Uchinchi pog‘ona yukni Marsga olib boradi.
Raketa Toshkent vaqti bilan 01:45lar atrofida Floridadagi Kennedi nomidagi markaz kosmodromidan uchirildi. Bu yerdan o‘z vaqtida Oyga “Apollon-11” raketasi jo‘natilgan.
Raketa ichida Tesla Roadster’dan tashqari, uning ruli oldida o‘tirgan, skafandrga joylashtirilgan fazogir ko‘rinishidagi maneken bo‘lgan.
Mashinaga “Galaktika bo‘ylab avtostop bilan” kitobi, “Vahima qilma!” yozuvi bo‘lgan tablo, sochiq joylashtirilgan. Butun parvoz davomida Devid Bouining “Space Oddity” qo‘shig‘i kuylab turishi rejalashtirilgan.
Raketa uchirilgandan keyin kompaniyaning raqobatchilari ham, hamkorlari ham Maskni muvaffaqiyatli parvoz bilan tabriklay ketishgan. Bu parvoz muvaffaqiyatli chiqishiga Maskning o‘zi ham oxirigicha ishonmagandi.
Raketa yaratuvchilari parvozning muvaffaqiyatli bo‘lishi va avariya bilan tugashiga imkoniyatlar teng bo‘lishidan ogohlantirgan bo‘lsalar-da, parvoz hech qanday noxushliklarsiz, rejaga qat'iy amal qilingan holda o‘tgan: raketa startidan 2 daqiqa o‘tib uning yon tezlashtirgichlari, yana bir daqiqadan keyin esa birinchi pog‘onasining markaziy bloki ajralgan. Parvoz boshlangandan 10 daqiqa o‘tib ikkinchi pog‘ona ajralgan va yuqori pog‘ona dastlabki orbitaga chiqqan. Bu pog‘ona Tesla Roadster’ni Yerning giperbolik orbitasiga olib chiqishda davom etgan. Kompaniya g‘oyasiga ko‘ra, raketa Yerning tortish maydonini tark etgach, geliotsentrik orbitaga chiqib, uzoq koinotda milliardlab yillar qolishi kerak.
Raketa parvozidan taxminan bir soatdan keyin kompaniya jonli translyatsiyani davom ettirgan va Tesla’ning koinotda parvoz qilayotganini ko‘rsata boshlagan. “Mana, mashina Yer orbitasida”, deb yozgan Mask tvitterda. Uning aytishicha, raketaning yuqori pog‘onasi avtomobil bilan birga Yer magnitosferasida besh soatcha qolib, so‘ngra raketa dvigatellari uchinchi marta ishga tushib, Marsga parvozni davom ettirishi kerak.
Raketa startidan keyin birinchi pog‘onaning barcha uchta tezlashtirgichi muvaffaqiyatli qo‘ndirilgan: ikkita yon tezlashtirgich start yaqinidagi maydonlarga qo‘ndirilgan, markaziy tezlashtirgich esa Atlantika okeanidagi barjaga qo‘nishi kerak bo‘lgan, biroq kompaniya hozircha u muvaffaqiyatli qo‘ndirilgani-yo‘qligini tasdiqlamadi.

















