O‘zbekistonda yangi futbol mavsumi oldidan barcha klublar yangicha ko‘rinishdagi futbol mavsumiga xush kayfiyatda tayyorgarlikka zo‘r berayotgan, muxlislar esa futbol bayramini o‘zgacha intiqlik bilan kutayotgan bir paytda, Samarqand futbolining bugungi holati minglab samarqandlik muxlislarning dilini xira qilmoqda. Xususan, viloyatning bosh va yagona professional futbol klubi «Dinamo»ning ayni damdagi holati shu darajaga yetib keldiki, jamoa e'tibor va yangi islohotlarga muhtoj.

BUGUNGI HOLAT
Bahorda start oladigan yangi futbol mavsumiga mamlakatimizning barcha klublari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xorijda yoki yurtimizda tayyorgarlik ishlarini puxta olib borayotgan bir vaqtda «Dinamo» so‘nggi 10 yillikdagi eng og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda.

Jamoaning futbolchilari oldida avgust oyidan buyon qarzdorlik holati mavjud ekanligi va haligacha hisob-kitob qilinmayotgani bois tarkibni bir qator futbolchilar tark etmoqda. Shunga qaramay, murabbiylar jamoa bilan mashg‘ulotlarni og‘ir sharoitlarda o‘tkazishda davom etishmoqda. Samarqandning bosh klubi o‘tgan mavsumda Oliy Liga klublari orasida yillik byudjyet smetasiga ko‘ra ham eng kamtar klublardan biri bo‘lsada, nega jamoa oldida katta qarzdorlik holati yuzaga keldi? Axir, 2017 yilgi futbol mavsumi oldidan xalq deputatlari viloyat kengashi navbatdan tashqari sessiyasida klubning yillik smetasi viloyat hokimi tomonidan tasdiqdan o‘tgan bo‘lsa, nima uchun avgust oyidan buyon oylik-maoshlar futbolchilarga yetib bormayapti?

Suyukli jamoalariga e'tibor, kerak bo‘lsa klubni yangidan isloh qilish borasida samarqandlik faxriy va jonkuyar muxlislar ikki oydan buyon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va bir qator tegishli tashkilotlarga rasmiy xat bilan murojaat qilishgan bo‘lishsada, tayinli javob berilmayapti. Vaqt o‘tishi bilan esa Samarqand futboli, xususan «Dinamo»ning ahvoli to‘shakka mixlangan bemor singari tobora og‘irlashmoqda. Muxlislar esa najot kemasini qaysi tomondan kutishni bilmay halak.

BOY(GA) BeRILAYoTGAN IQTIDORLAR…
Eng afsuslanarlisi, mana necha yildirki «Dinamo» o‘z iqtidorlarini aynan moliyaviy imkoniyatlari sabab tarkibida ushlab qololmay, futbolchilar moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan boshqa jamoalarning taklifini qabul qilishga majbur bo‘lishmoqda. Birgina ayni holatni gapiradigan bo‘lsak, Samarqand futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Iskandar Xolmirzayev moliyaviy yaxshi taklif bo‘lgani uchun Samarqandning bosh jamoasini tark etib, yurtimizning kichik tumanlaridan biri, ammo moliyaviy baquvvat sanalmish Muborakning «Mash'al» klubiga o‘tdi. Shuningdek, jamoa aynan shu muammo sababli o‘z tarbiyalanuvchisi bo‘lmish bugungi yetakchilari Amirjon Safarov va Jasur Azimovni o‘z tarkibida saqlay olmayapti. Oylik maoshini ololmayotgan ayni navqiron yoshdagi futbolchilar Superligaga qaytarilgan Farg‘onaning «Neftchi» klubi safiga borib qo‘shilishdi. Xo‘sh, samarqandlik 24-25 yoshli futbolchilar Samarqandni tashlab, nega kelajagini Farg‘onada ko‘rmoqda? Futbolda Samarqandning Farg‘onadan nimasi kam?