O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga sharh berildi.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5313-son Farmonini ijro etish yuzasidan qabul qilindi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) tashkil etilmoqda.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
- tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta'limi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta'limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rtacha va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta'minlash;
- ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
- yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash va ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta'minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta'minlash;
- tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;
- respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat'i nazar, muvofiqlashtirish;
- kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta'lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;














