Hozirga kunda O‘zbekiston oldida Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishdek muhim vazifa turibdi. Ayni paytda mamlakat bu boradagi muzokaralarni faollashtirishga kirishish bosqichida.
Shu munosabat bilan Biznes-daily mustaqil ekspert, JST masalalari bo‘yicha huquqshunos Umida Haqnazarga bir necha savol bilan murojaat etdi.
- Avvalo, Jahon savdo tashkilotining asosiy vazifasi, maqsadi, uning faoliyat tamoyillari haqida to‘xtalsangiz.
- Jahon savdo tashkiloti mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo muloqotlarini o‘tkazish va bu boradagi nizolarni hal etish imkoniyatini beruvchi global maydon hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 164 ta davlati unga a'zo. BMT mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarni, Jahon savdo tashkiloti esa ular o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga soladi. Shu bilan birga, JSTda BMT va boshqa xalqaro institutlardan farqli o‘laroq, a'zo mamlakatlar tomonidan majburiy ravishda rioya etiladigan xalqaro savdo qoida va tamoyillaridan tashqari, savdo tartiblarini samarali qo‘llash va o‘zaro nizolarni hal etish mexanizmi mavjud. Tashkilotning asosiy xalqaro savdo tamoyillari haq-huquqlar cheklanmagan va halol raqobat qoidalaridan iborat. Agar adolatli raqobat qoidasi buzilsa, savdoda ham xatoliklar bo‘ladi. Barcha a'zo davlatlar tomonidan qabul qilingan qoida va tamoyillar esa savdodagi ehtimolliklarni kafolatlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi hamda qulay investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Tashkilotga a'zo bo‘lgach, ko‘pgina rivojlanayotgan va kam rivojlangan mamlakatlarda taraqqiy topgan davlatlar bilan teng huquqda savdo muzokaralarida ishtirok etish va muammolar yuzasidan murojaat qilish imkoniyati paydo bo‘lgan. Albatta, bu jarayon mazkur mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini oshirishga yordam bergan. Umuman, JSTning asosiy vazifalari manfaatdor a'zo davlatlar o‘rtasida ko‘ptomonlama savdo muzokaralarini o‘tkazish, savdodagi nizolarni bartaraf etish, a'zo mamlakatlar milliy savdo siyosatini monitoring qilish, boshqa ixtisoslashgan xalqaro muassasalar bilan hamkorlik olib borishdan iborat.
- Yaqinda JST bo‘yicha xalqaro ekspert Yovan Yyekich mamlakatimizga tashrifi davomida davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminarda qilgan ma'ruzasida hozirgacha mazkur tashkilot faoliyatiga doir shakllangan ayrim fikrlar unchalik to‘g‘ri emasligini aytdi. Siz bu haqda nima deya olasiz?
- Bu fikrlarga qo‘shilaman. JST xususida ko‘pgina yanglish va xato tasavvurlar borligi haqiqat. Bu, asosan, mazkur tashkilot haqida axborotning yetarli emasligi, qoidalarining qanday ishlashini bilmaslik oqibati bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mulohazalardan iborat. Masalan, eng ko‘p tarqalgan fikrlardan birida JSTga a'zo bo‘lgach, barcha import bojlari avtomatik ravishda pasayishi, import mahsulotlari oqimining birdaniga ko‘payishi, natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar keltirishi ta'kidlanadi. Aslida unday emas. Tariflarning belgilangan darajasi bu, avvalo, o‘tkaziladigan muzokaralar natijasiga bog‘liq. A'zo bo‘layotgan davlat tariflar bo‘yicha o‘zining dastlabki takliflarini berganidan keyin o‘zaro muzokaralar tomonlarni qiziqtiruvchi aniq tovar pozitsiyalari bo‘yicha olib boriladi. Ba'zi tovar pozitsiyasi bo‘yicha tariflar muzokaralargacha qo‘llanilganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Masalan, Qirg‘iziston JSTga a'zo bo‘lish chog‘ida to‘qimachilik importi uchun bog‘liqlik darajasini bu paytgacha qo‘llanilib kelingan 10 foizdan 18 foizga ko‘tarishga erishgan. Bu mamlakat shu kabi bir qator ta'sirga ega tovarlarni hisobga olgan. Bunday misollarni yuqoridagi fikrlarning noto‘g‘ri ekanligini, ular ekspertlarning emas, balki eshitgan gapini haqiqat sifatida qabul qiladigan odamlarning tasavvurlaridan boshqa narsa emasligini isbotlovchi dalillar deyish mumkin.

















