10:29 / 13.02.2018
8923

Aziz Abduhakimov: "Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xorijlik ekspertlar bilan onlayn-aloqa tizimini yo‘lga qo‘ydi"

Foto: Xalqaro press klub

Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Turkiyaning sakkiz hududidan tashrif buyurgan Madaniyat va turizm boshqarmalari boshliqlari, hokim o‘rinbosarlari hamda yirik tashkilotlar rahbarlari bilan muhokamalar doirasini o‘tkazdi. Turkiyalik ekspertlar O‘zbekistonning turizm sohasida guvoh bo‘lgan dolzarb masalalarni o‘rtaga tashlashdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov bu borada KUN.UZ muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

"Bugungi muhokamalar doirasida Turkiyada O‘zbekiston bo‘yicha kuchliroq targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, ikki mamlakatning ko‘plab shaharlarini, qardosh hududlarni bir-biriga bog‘lash kabi qator masalalar ko‘tarildi. Biroq shunga e'tibor qaratish lozimki, yaqin kunlarda Prezident tomonidan imzolangan bir farmon va uch qaror chiqqan. Bu bugun ko‘tarilgan masalalarga javob bo‘la oladi. Davlat rahbari bu masalalarni oldindan ko‘ra bilib, barchasiga yechim topib berdi. 

Biz Turkiyadan O‘zbekistonga keladigan sayyohlarga qanday sharoitlar yaratish haqida qo‘shimcha o‘ylashimiz kerak. Turkiyalik sarmoyachilarni jalb qilish nuqtai nazaridan ular bilan ko‘proq aloqada bo‘lish kerak", - deydi qo‘mita raisi. 

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, What's App)da chet ellik ekspertlar bilan umumiy guruhlarni tashkil qilib, shu yerda ularning kundalik muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, onlayn-rejimda  yechish uchun doimiy aloqa tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Ta'kidlash joizki, bu avval hech kuzatilmagan o‘ziga xos yangicha yondashuvdir. Turklarda turizm borasida katta tajriba bor. Shunday ekan, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lish - qisqa muddatda ularning tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonda tatbiq qilish imkonini beradi. 

"Ziyorat turizmi, tog‘ turizmi, chang‘i turizmi, ekoturizm, etnoturizm, sanoat turizmi, qishloq xo‘jalik turizmi, tibbiyot turizmi bo‘yicha juda katta imkoniyatlar bor - shularning barini qamrab olib, yangi-yangi yo‘nalishlar ochishimiz kerak. Diversifikatsiya bo‘lmasa, umuman hech nima bo‘lmaydi. Turkiyaning o‘zida ham O‘zbekistonga kelish istagiga doir ko‘p yo‘nalishlar bor. Ziyorat turizmi, "ota yurt", "ona yurt"ni ko‘rish istagida bo‘lganlar qanchadan-qancha. 

Bundan tashqari, yoshlar haqida unutmaslik kerak. Katta, o‘rta yoshli Turkiya fuqarolari bilan bir qatorda yoshlarning qiziqishlariga ham e'tiborli bo‘lishimiz va bu borada turkiyalik hamkasblarimiz bilan maslahatlashish lozim. Yana shuni ta'kidlash joizki, turkiyalik mutaxassislar bilan gaplashganda, ular ichki turizmga ham katta e'tibor qaratishini sezish mumkin. 

Hech qachon ichki turizmni rivojlantirmasdan tashqi turizmni rivojlantirib bo‘lmaydi. Oldin o‘zimizning poydevorimizni mustahkamlab olishimiz kerak", - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatiga qiziqish bildirgan va turizm sohasida aniq takliflar, hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarga ega bo‘lgan kishilar qo‘mitaning Facebook'dagi sahifasiga a'zo bo‘lib, sohadagi so‘nggi yangiliklarni kuzatib borishi va o‘z talab hamda takliflarini yozib qoldirishi mumkin. 

Top