O‘tgan 2017 yil mamlakat tibbiyoti uchun muhim burilishlar yasalgan yil sifatida tarixga kirdi. Birlamchi tibbiyot tizimi, shoshilinch tibbiy yordam, xususiy sektor, dori-darmon ta'minoti hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat yo‘lida yirik islohotlar amalga oshirildi. Shunday yangiliklardan biri prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita topshirig‘i bilan  mamlakat tibbiyoti tarixida ilk bor organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalarni amalga oshirish boshlangani bo‘ldi. Hozirda soha faoliyatining huquqiy asosi mustahkamlanmoqda.

Ayni damda ushbu faoliyat Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktabrdagi “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori bilan tartibga solingan.

Qaror surunkali buyrak va jigar kasalliklarining terminal bosqichidagi bemorlarni yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam bilan ta'minlash, yaqin qarindoshlik transplantatsiyasini tashkil qilish maqsadida qabul qilingan. Nizom buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibini, transplantatsiyani bajarishga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalarni, donor va retsipiyentning huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.

O‘tgan yildan boshlab Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazida yaqin qarindoshlar o‘rtasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kuni kecha markazda mamlakat tibbiyoti tarixida birinchi marta bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Operatsiya Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik Feruz Nazirov va Rossiyaning Akademik V.I.Shumakov nomli Transplantologiya va sun'iy a'zolar Milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori, akademik Sergey Gote rahbarligida o‘tdi. Bu haqda KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Parkentlik 26 yoshli bemor Ubaydulla Dadaxo‘jayev uzoq yillardan buyon jigar sirrozi xastaligidan aziyat chekardi. Uning ahvoli kundan-kunga yomonlashib borar va dori-darmonlar bilan davolash deyarli imkonsiz edi. Umrining eng gullagan bir davrida shunday og‘ir dardga chalinish, dard bemor hayotini xavf ostiga qoldirayotganini tan olish butun oila uchun musibat. Bugun shifokorlarimiz o‘z mahorati, bilim va amaliy tajribasi bilan bir inson hayotini saqlab qoldi va kelgusida shunday bemorlarga tibbiy yordam berish tajribasini yo‘lga qo‘ydi.