O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA’da keltirilgan.

Hujjat bilan erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasidagi ishlarni tashkil etish borasidagi faoliyati qoniqarsiz, deb topildi. 

Ishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi va lozim darajadagi tashabbuskorlik yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Z.A.Dusanov va mazkur agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari M.M.Dusmuratov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma'lumot uchun qabul qilindi. 

Belgilab qo‘yilishicha, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. 

“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalaridagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Q.V.Akmalov) ikki oy muddatda ishchi guruhlar faoliyatining yakunlari bo‘yicha quyidagilarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi: 

Dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar dasturi; 

Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar, yordamchi va o‘rash-joylash materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati. 

Belgilanishicha, viloyat miqyosidagi mas'ul davlat organlari va tashkilotlar har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlariga erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida hisobot taqdim etadi.