O‘zbekiston | 09:35 / 20.02.2018
92212
5 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun O‘zbekistonda benzin qimmatlashmoqda?

Foto: KUN.UZ

«O‘zneftmahsulot» kompaniyasi import xom-ashyosidan ishlab chiqarilgan benzin narxini navbatdagi marta oshirdi. AI-95 litri qariyb 11 foizga qimmatlashdi – bir litr uchun 7200 so‘mgacha, deb yozadi Autostrada.uz.

Avvalroq, 2017 yilning noyabrida neft mahsulotlari bozorini isloh qilish va liberallashtirish amalga oshirildi hamda AI-95 bir litr uchun deyarli ikki barobarga oshdi - 6500 so‘mgacha.

Bozorni liberallashtirish jarayonida yuridik shaxslar birja savdolarida yonilg‘i sotish va sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston korxonalari 2020 yil 1 yanvarga qadar mulkchilik shakli va foydalanish maqsadidan qat'i nazar, uglevodorod xom ashyosi importi uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi.

Qo‘shimcha tarzda, «O‘zneftmahsulot» AJ korxonalari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli yo‘nalishi bilan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar oldi.

Davlat bozorni to‘ldirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun sharoit yaratdi. Regulyativ ta'sir kamaytirildi va benzinni «tijorat» narxlarida sotishga ruxsat berildi.

«O‘zneftmahsulot» AJ oshirilishga shunday izoh bergan: «Ayni paytda real narxlar oshib ketdi, mahsulot tannarxi qimmatlashdi, bu jahon bozoridagi narxlarga bog‘liq».

Maqola tayyorlanayotgan paytda Brent markali neft barreli aprelda yetkazib berilishi bilan bilan 64,5 dollar turibdi. O‘tgan yilning noyabr-dekabrida ham xuddi shu darajada (barrel uchun 62-65 dollar) narx bo‘lgan.

Yanvar oyida neft fyucherslari qisqa muddat davomida bir barrel uchun 70 dollardan oshdi.

Demak, yanvar oyida neft narxi 7,5 foizga oshgani tufayli O‘zbekistonda AI-95 narxi 11 foizga oshdi. Shunday qilib narxlarga nafaqat neft fyucherslarining o‘zgaruvchanligi, balki kompaniyaning oshkor etmayotgan boshqa omillari ham ta'sir ko‘rsatgan.

Avvalroq, iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev benzin narxining o‘sishi sohadagi yo‘qotishlar tufayli yuz berganini tan olgandi.

Eslatib o‘tamiz, soha islohoti davomida avtomobil benzini va boshqa turdagi yoqilg‘iga bo‘lgan talablarning umumiy texnik reglamenti qabul qilindi. Bu O‘zbekistonda benzin yangi sifat standartlariga mos kelishiga olib keladi.

Neft narxlarining tuzatilishi tufayli benzin narxi pasayishi kutiladimi? Bozor narxi o‘zining shaffofligi bilan yaxshi, chunki har bir shaxs ishlab chiqaruvchidan so‘rashi mumkin: «xomashyo arzonlashayotgan bo‘lsa, narx qanday asosda oshmoqda?»

Agar benzin narxi faqat o‘sish qismida neft narxiga bog‘liq bo‘lsa, demak yonilg‘i bozorini isloh qilish muvaffaqiyatsizlikka uchradi va yana korruptsion manfaatlar o‘yinga kirmoqda.

Import qilingan benzin arzonlashmoqda

Jizzakh Petroleum yoqilg‘i quyish shoxobchasida import qilinadigan benzin narxi bir oyda bir litr uchun 8500 dan 8000 so‘mgacha - deyarli 6 foizga arzonlashdi. Kompaniya buni import hajmining oshishi va xarajatlarning optimallashtirishi bilan izohladi.

O‘zbekistonda import qilingan benzin transport xarajatlari hisobga olinmagan holda bir litr uchun 3 963 so‘m turishi mumkinligiga doir hisob-kitob taqdim etilgandi.

Rossiyadagi transport kompaniyalaridan biri veb-saytidan foydalanib, Omskdan Toshkentga 66 tonna benzinni (88 000 litrlik hajmga ega standart temiryo‘l sisternasi) yetkazib berishda transport xarajatlari hisoblab chiqildi.

Omskdan Toshkentga benzin yetkazib berish bir sisterna uchun 3 200 dollarga tushadi. Ya'ni, transport xarajatlarining asosiy qismi litr uchun 300 so‘mdan kam bo‘ladi.

Nima uchun aynan Omskdan? Omskda «Gazpromneft» NQZ joylashgan bo‘lib, u Jizzakh Petroleum’ning yetkazib beruvchisi sanaladi.

Demak, transport xarajatlari, boshqa qo‘shimcha xarajatlar va importchi daromadi yoqilg‘i narxining qariyb yarmini tashkil etadi. Albatta, bu holatda manyovrlar va narxni 6%ga kamaytirish uchun bo‘shliq paydo bo‘ladi.

Umid qilamizki, Jizzakh Petroleum, xorij ishtirokidagi kompaniya sifatida, moliyaviy hisobotini e'lon qiladi va O‘zbekistonda import qilinadigan benzin narxini shakllantirish mexanizmi haqida ma'lumot beradi.

Mavzuga oid