O‘zbekiston | 16:05 / 20.02.2018
15195
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasida Mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirishga belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lari;

b) Qo‘mitaga to‘lanadigan vositachilik haqi, jumladan:

qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika yetkazib berish, harbiy-texnik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan import kontrakt (vositachilik shartnomasi) qiymatining 1 foizi;

mudofaa sanoati kompleksi korxonalari ishlab chiqargan harbiy va ikki xil maqsadda ishlatiladigan mahsulotlarni sotish bo‘yicha tuzilgan import kontrakt (vositachilik shartnomasi) qiymatining 1 foizi;

bo‘shaydigan harbiy-texnik mulkni tashqi bozorga sotish bo‘yicha tuzilgan kontrakt qiymatining 30 foizi;

v) Qo‘mita tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan faoliyat sohalarini litsenziyalashdan tushadigan mablag‘larning 100 foizi, shu jumladan qayd etilgan maqsadlar uchun tegishli vazirlik va idoralarning xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan budjet mablag‘lari;

g) Qo‘mita tarkibiga kiradigan tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda miqdori belgilanadigan ajratmalari;

d) shartnoma (kontrakt) majburiyatlarini buzganligi uchun yuridik shaxslardan ma'muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar miqdorining 100 foizi;

ye) jamg‘arma bo‘sh mablag‘larini likvidli moliya vositalarida (depozitlar, qimmatli qog‘ozlar, obligatsiyalar va boshqalar) vaqtincha joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

j) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari:

mudofaa sanoati kompleksini qo‘llab-quvvatlash, uning salohiyatini rivojlantirish va oshirish, shuningdek, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha dasturlar va loyihalarni, shu jumladan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga;

qurol-yarog‘, harbiy texnika va harbiy-texnik mulkni ishlab chiqish hamda modernizatsiyalash tadbirlarini moliyalashtirishga;

mudofaa sanoati sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishga;

harbiy va ikki xil maqsadda ishlatiladigan mahsulotlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, ta'mirlash, yo‘q qilish va qayta ishlash sohasidagi loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirish uchun ekspertlar, shu jumladan xalqaro mutaxassislar ishini tashkil etishga;

Qo‘mita kadrlarini, jumladan, xorijiy ta'lim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlariga;

xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining Qo‘mita vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etishga;

seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar, Qo‘mitaning profilaktika va boshqa tadbirlarini o‘tkazishga;

Qo‘mita xodimlarining mamlakat ichida va tashqarisida xizmat safarlarida bo‘lish xarajatlarini to‘lashga;

Qo‘mita axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga xizmat ko‘rsatish va ularni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirishga;

Qo‘mitaning Tashqi iqtisodiy faoliyat departamenti xodimlarini ta'minlashga;

Qo‘mita ijro etuvchi apparati va uning idoraviy mansub tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda rivojlantirishga;

Qo‘mita xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishga;

Qo‘mita faoliyatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarga;

Qo‘mitaning O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari bilan qoplanmagan joriy xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mutasaddi o‘rinbosarlari bilan kelishilgan holda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Jamg‘armaning 25 foizdan ortiq bo‘lmagan mablag‘lari Qo‘mita va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltiriladi.

Jamg‘armaning Qo‘mita raisi rahbarlik qiladigan Kengashi Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish organi hisoblanadi.

Jamg‘arma Kengashining shaxsiy tarkibi Qo‘mita, uning idoraviy mansub tashkilotlari vakillaridan shakllantiriladi va Qo‘mita hay'ati tomonidan tasdiqlanadi.

Jamg‘arma kengashining majlislari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lganda, Jamg‘arma kengashining navbatdan tashqari majlislari ham chaqirilishi mumkin. Jamg‘arma Kengashi majlislari ularda Kengashning kamida uch a'zosi ishtirok etganda huquqiy vakolatli hisoblanadi.

Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromad va xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mutasaddi o‘rinbosari bilan kelishgan holda Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari Qo‘mitaning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bo‘linmalarida ochiladigan bank hisobraqamlari orqali sarflanadi. Jamg‘arma xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bo‘linmalari tomonidan Qo‘mitaning to‘lov topshiriqnomasi asosida to‘lanadi.

Mavzuga oid