18:00 / 25.02.2018
184067

Islom Karimovni boshqa davlat rahbarlaridan nima ajratib turardi? 

Foto: Islom Karimov

1998-2000 yillarda Islom Karimovning davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan va u kishini yaxshi tanigan Narzulla Jo‘rayev birinchi prezidentni xotirladi. Facebook'ning Islom Karimov fondi sahifasida u Islom Karimovni boshqa davlat rahbarlaridan ajratib turadigan xususiyatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident bilan muzokaraga kirishadigan odam oldindan tayyorlanib biror narsaga erisha olmasdi. Islom Karimovda prognozlar salohiyati shu qadar kuchli ediki, muayyan jarayonlarning borishi natijasini oldindan ko‘ra bilar edi. Dunyo voqealarini ham, mamlakatning ichki hayotidagi islohotlar jarayonlarini ham bevosita oldindan payqar edi va prognoz qila olardi. U ana shu fazilati bilan boshqa davlatlar rahbarlaridan farq qilardi. 

"Masalan, 1995 yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining Ashxobod sammiti bo‘ldi. Bu sammitni Turkmaniston rahbari Safarmurod Niyozov boshqarardi. Endigina mustaqil bo‘lganimizga 4 yil bo‘lgan Ozarboyjon, Markaziy Osiyo davlatlari - yosh davlatlar rahbarlari ishtirok etayotgan sammitda nom chiqargan davlatlardan Eron bilan Turkiya rahbarlari ham ishtirok etishgan. Ularda go‘yoki katta og‘alar singari boshqa respublikalarga rahnamolik qilish, ularning qandaydir ko‘rsatmalari asosida yashashimiz kerak qabilidagi o‘zaro manfaatlar raqobati paydo bo‘lgandi va ikki davlat rahbari siyosiy ta'sir o‘tkazish hamda siyosiy imij borasidagi o‘zaro kurashlar davom etayotganida birdaniga Islom Abdug‘aniyevich "Bir og‘iz gapirsam, maylimi?" degan va, albatta, unga so‘z berilgan. 

"Bu yerda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlari rahbarlari to‘plandik. Demak, biz faqat iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishimiz kerak va ana shu hamkorlik doirasida ijtimoiy-madaniy hamkorligimizni yo‘lga qo‘yishimiz kerak, deb o‘ylayman. Agar bizning uchrashuvimizga kimdir siyosiy tus berib, allaqanday siyosiy imijlar, siyosiy reytinglarni da'vo qiladigan bo‘lsa, butun mas'uliyatni zimmamga olib aytamanki, O‘zbekiston delegatsiyasi zalni tark etadi". 

Bu juda katta jasorat edi. Bu har qanday davlat rahbari aytishga jazm qilavermaydigan gap edi. Islom Karimovning ana shunday favqulodda jo‘shqinlik qudratini namoyish qila oladigan imkoni bor edi. U kishi adolat tarafdori edi". 

Narzulla Jo‘rayev yana bir qiziq voqeani yodga oldi: "Tolibonlarga qarshi kurash koalitsiyasi faoliyat yuritayotgan bir paytlar strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, Qashqadaryoning Xonobodidan AQShning qarorgohiga bir joy berildi. Ana shunda birdaniga Moskvaning NTV televideniyesi "Tolibonlar Amudaryodan o‘tib, Termizni egallab olishdi. O‘zbekistonda urush boshlanishi muqarrar", degan ig‘vo tarqatdi. 

Islom Karimov bu voqeaga go‘yoki mutlaqo e'tibor bermagandek bo‘ldi. Ertasi kuni maxsus samolyotda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlardan iborat katta delegatsiyani Termizga olib bordi. Ularni ham mehmon qildi, ham Termizni sayohat qildirdi va o‘sha yerdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot berdi: "Qani toliblar? Topib beringlar menga...". O‘sha yerda Rossiya diplomatik korpusi ham turibdi, o‘sha NTV vakili ham turibdi. Mana sizga siyosiy diplomatiya! Bu eng ta'sirchan, eng samarali usul. Keyin mehmonlarni qoldirib, o‘zi chegarachilar bilan uchrashuvga bordi. "Butun O‘zbekiston bolalari - mening bolalarim", degan gap uning hayotining mazmuni edi. Baquvvat chegarachilarni ko‘rib, "Mening shunday polvonlarim bor ekan, chegaramizdan pashsha ham xatlab o‘ta olmaydi", degan. So‘ngra Hayraton ko‘prigiga borgan. Hayraton - O‘zbekiston bilan Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi yagona ko‘prik. Shu yerga kelib "Xo‘sh, toliblar shu ko‘prikdan o‘tadimi? O‘tib ko‘rsin-chi, men ko‘ray o‘tganini! Agar toliblar shu ko‘prikdan o‘tadigan bo‘lsa, men unga ko‘ndalang yotib olaman - oldin meni bosib o‘tsin, keyin yurtimga kiradi", dedi. Mana, prezidentning vatanparvarlik tuyg‘usi!".

Bundan tashqari, sobiq davlat maslahatchisi Islom Karimovning maqtovni yoqtirmagani haqida aytdi: "Bir ma'ruzani ko‘zdan kechirish davomida matnda o‘ziga berilgan ta'riflar orasida "akademik" so‘zini o‘qib, "Yaxshi yozibsiz, lekin mendan dohiy yasamang, sizlardan iltimos - men dohiy emasman, xalq saylagan prezidentman", dedilar. U kishiga ana shunday kamtarlik xos edi, unda "Bu dunyoga bir xizmatchi bo‘lib kelganman", degan fikr yetakchilik qilardi. Bu barcha davlat rahbarida uchraydigan xususiyat emas. Islom Karimov fenomenida kamtarlik bilan ulug‘vorlik, muloyimlik bilan qat'iyatlilik, talabchanlik, qattiqqo‘llik va prinsipiallik bilan muruvvatlilik, mehribonlik qorishib ketgan ideal siymo mujassam edi".

Islom Karimov degan ism-familiya - bitta pasport va bir fuqaro doirasidan chiqib ketgan, “o‘zbek”, “O‘zbekiston”, “Mustaqillik” degan tushunchalar bilan qorishib ketgan bir qadriyat. “O‘zbekiston” so‘zidan “Karimov”ni ajratib bo‘lmaydi. Mustaqillik deganda, albatta, Islom Karimov tushuniladi, deyiladi videoda.

“Prezident Karimov xalqimiz uchun yangi sivilizatsiya davrini boshlab berdi. Tsivilizatsiya cho‘qqiga chiqishi uchun kamida 200-300 yil vaqt kerak bo‘ladi. Millat qachonki mustamlakachilikdan ozod bo‘lib, o‘zini qadriyat sifatida tushuna boshladimi, bu sivilizatsiyaning boshlanishi hisoblanadi. Yangi o‘zbek sivilizatsiyasini boshlab bergan buyuk tarixiy shaxs sifatida Islom Karimovning nomi hech qachon o‘chmaydi”, - deya fikriga yakun yasaydi Narzulla Jo‘rayev.

 

Top