20:25 / 26.02.2018
6084

Parlament va hukumat davlat tilida ishlashi lozim – Nursulton Nazarboyev  

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qozoq tilining mavqeini oshirish bo‘yicha ishni davom ettirish zarurligini aytdi. Bu haqda Oqo‘rda ma'lum qilgan.  

Ma'lum qilinishicha, Nazarboyevning axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev bilan uchrashuvi davomida unga “4-sanoat inqilobi sharoitlarida rivojlanishning yangi imkonlari” murojaati doirasida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishning borishi haqida ma'lumot taqdim qilingan. 

Nazarboyev uchrashuv davomida qozoq tilining lotin yozuviga o‘tishi masalasiga to‘xtab o‘tgan va davlat tili mavqeini oshirish bo‘yicha choralar qabul qilinishi muhimligini ta'kidlab o‘tgan.

“Lotin yozuviga o‘tish jarayoni xalqimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega jarayondir. Shu bilan birga qozoq tili mavqeini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur. Parlament va hukumat faoliyati davlat tiliga asoslanishi lozim. Shu bilan bir vaqtda fuqarolarning bu masaladagi huquqlari kamsitilmasligi kerak. Buning uchun sinxron tarjima imkoniyati mavjud”, deb aytgan Nazarboyev.

Nazarboyev lotin yozuviga bosqichma-bosqich o‘tish muhimligini qayd qilib, qozoq tilini o‘qitish usullarini takomillashtirish masalasini batafsil o‘rganish topshirig‘ini bergan.

Bundan tashqari, prezident Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari raqobatbardoshligini oshirish va kiberxavfsizlikni ta'minlash masalalariga e'tibor qaratgan.

Top